Jahon | 21:03 / 25.01.2016
22233
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Vladimir Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Putina turmushga chiqdi(mi)

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalnyy tomonidan yaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasining tergovlar bo‘limi boshlig‘i Georgiy Alburov ba'zi hujjatlar asosida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Putina familiyasini o‘zgartirgani haqidagi xulosaga keldi. Bu haqda “Sobesednik” nashrining tergovida aytilmoqda.

Rosreyestrdan Putin, uning rafiqasi va qizlariga tegishli bo‘lgan Sankt-Peterburgdagi kvartiraga egalik qilish huquqi haqida olingan ko‘chirmaga ko‘ra, bu kvartira 2015 yil avgustda tug‘ilgan sanasi, ismi-sharifi Putinning sobiq rafiqasiniki bilan bir xil bo‘lgan Lyudmila Aleksandrovna Ocheretnaya ismli ayol nomiga o‘tgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning 2 fevralida Ocheretnaya familiyasiga Moskva shahri bo‘yicha Federal migratsiya xizmati boshqarmasida yangi pasport olingan.

“Sobesednik”ning ma'lum qilishicha, Ocheretnyy familiyasi Shaxslararo aloqalarni rivojlantirish markazi raisi, 37 yoshli Artur Ocheretnyyga tegishli. Ocheretnyy Putinning sobiq rafiqasi bilan aloqalari borligi haqidagi yozma maktubga javob bermagan.

Nashr yuqoridagi ma'lumotlarga tayanib, Putinning sobiq rafiqasi turmushga chiqqan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Vladimir va Lyudmila Putinlar 2013 yil 6 iyunda ajrashishga qaror qilishganini ma'lum qilishgan. Ular deyarli 30 yillik birgalikdagi turmushdan keyin ajrashishgan. 2014 yilda Putin rossiyaliklar bilan o‘tkazgan “jonli muloqot” vaqtida kelgusi shaxsiy hayoti haqidagi savolga hazilomuz tarzda avval o‘zining sobiq rafiqasini turmushga berishi kerakligini, so‘ngra uylanish haqida o‘ylab ko‘rishini aytgandi.