Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijon viloyatining 14 tuman shifoxonasiga 11 ming 900 dollarlik “Mirror-2” UTT apparatlari keltirildi
Andijon viloyatida 36 shifoxona, 8 oilaviy poliklinika, 312 qishloq vrachlik punkti, shuningdek, 200 dan ziyod xususiy tibbiy muassasa faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, investitsiya dasturi doirasida 2010-2015 yillarda Andijon, Xonobod, Qorasuv shaharlari, Izboskan, Bo‘z, Oltinko‘l, Baliqchi, Asaka, Ulug‘nor, Paxtaobod, Shahrixon, Marhamat tumanlari tibbiyot birlashmalari, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot va ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, onkologiya dispanseri, qon quyish, silga qarshi kurash, OITSga qarshi kurash markazlari, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Salomatlik va tibbiy statistika instituti Andijon filialida qariyb 103 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi. 2015 yilda 10 tibbiy muassasadagi qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 30 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.
Ayniqsa, qishloq joylarda tibbiy xizmat samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili 581 million so‘m mablag‘ evaziga 33 qishloq vrachlik punkti ta'mirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig 2014 yil 5 martdagi “Qishloq vrachlik punktlarini yanada maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 29 qishloq vrachlik punkti maqbullashtirildi. Barcha qishloq vrachlik punktlari “Salomatlik-1”, “Salomatlik-2” loyihalari doirasida zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlandi. Aksariyat qishloq vrachlik punktlarida yangi laboratoriyalar ishga tushirilgani shu yerning o‘zida turli qon tahlillarini olish, kasallikni aniqlash imkonini bermoqda. Qishloq vrachlik punktlarining faoliyatini yaxshilashga qaratilayotgan doimiy e'tibor tufayli chekka hududlarda ham aholi salomatligini muhofaza qilish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
“Salomatlik-3” loyihasi doirasida 2015 yilda barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga zamonaviy tibbiy apparatlar o‘rnatildi. Jumladan, 14 tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning har biriga 11 ming 900 dollarlik “Mirror-2” rusumdagi ikki o‘lchamli, raqamli UTT apparatlari keltirildi. Tuman tibbiyot birlashmalariga gastroduodenoskop, digitayzerli kompyuter jamlamalari berildi.
Aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallalar, ta'lim muassasalarida o‘tkazilayotgan seminarlar, “Salomatlik haftaligi” tadbirlari samarali bo‘layotir.