Tadbirkorlar davlat xizmatiga qabul qilinsa, ularning biznesi nima bo‘ladi?
Hukumat qarori loyihasi bilan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinganidan so‘ng u kompaniyasini yo ishonchli boshqaruvga topshirishi, yo vaqtincha boshqarishga berishi, yoki tadbirkorlik faoliyati sub’yekti muassislari (ishtirokchilari) tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqishi taklif etilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Nizom loyihasiga ko‘ra,, quyidagilar belgilanishi mumkin:
- davlat xizmatchisi bevosita o‘zi shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati turlari:
- tadbirkorlik faoliyati sub’yektini tashkil etish, uning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lish;
- tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish;
- tadbirkorlik sub’yektlaridagi ulushlarga, paylarga, aksiyalarga bevosita egalik qilish.
Davlat xizmatchisi jismoniy shaxs sifatida bevosita o‘zi shug‘ullanishi mumkin faoliyat turlari:
- shaxsiy tomorqa xo‘jaligi bilan shug‘ullanish, uyida chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanish;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari va hokazo.
Davlat xizmatiga kirgan shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyati haqida xabardor qilish tartibi:
- shaxs lavozimiga tayinlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi haqida rahbar kadrlar – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini; boshqaruv kadrlar va mutaxassislar – davlat organi korrupsiya qarshi kurashish tuzilmasini yozma ravishda xabardor qiladi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni to‘xtatib turish tartibi:
- to‘xtatib turish shakllari – mol-mulkni ishonchli boshqaruvga topshirish, tadbirkorlik faoliyati sub’yektini vaqtincha boshqarishga berish, tadbirkorlik faoliyati sub’yekti muassislari (ishtirokchilari) tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqish.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan davlat xizmatchisi huquqlari va majburiyatlari:
- huquqlari – tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish shakllaridan birini va muddatini erkin tanlash; muddatni uzaytirish va shaklini o‘zgartirish; ishonchli boshqaruvga berilgan mol-mulkdan foyda olish; o‘ziga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar bo‘yicha sudga murojaat qilish;
- majburiyatlari – tadbirkorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish; 3 oy muddat ichida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni to‘xtatib turish choralarini ko‘rish; manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik.
Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni to‘xtatib turish jarayoni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda davlat organi korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmasi tomonidan monitoring qilinadi.
Qaror bilan quyidagi choralar belgilanishi mumkin:
- belgilanayotgan yangi tartib hozirga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan ham tatbiq qilinadi;
- davlat organlari va tashkilotlari birinchi rahbarlari davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibiga qat’iy rioya qilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi;
- qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 10 noyabrdan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Ushbu qonunga ko‘ra, davlat xizmatchilari tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga haqli emas. Aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga egalik qilish hollari bundan mustasno.
Qonunga asosan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turishi tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Mavzuga oid
16:17 / 23.12.2024
Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqildi
14:34 / 20.12.2024
Yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi
14:30 / 20.12.2024
O‘zbekistonda kamida 100 mlrd so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkor paydo bo‘ldi
14:14 / 20.12.2024