Jahon | 22:03 / 08.01.2024
12176
12 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlikda gumon qilinayotgan Ilon Mask, Xitoydagi korrupsiya va Skandinaviyadagi ayozlar - kun dayjesti

Jahonda yakshanba va dushanba kunlari ro‘y bergan voqealar, hodisalar va bayonotlardan iborat yangiliklar jamlanmasini odatdagidek e’tiboringizga havola etamiz.

G‘azodagi vaziyat

HAMAS harakati yetakchisi Usoma Hamdan G‘azo aholisini deportatsiya qilishni taklif etgan Isroil moliya vaziri, ultraradikal o‘ng millatchi Betsalel Smotrichga Ukraina pasportini tayyorlab qo‘yishni taklif qildi.

«Bu bizning yerimiz va biz hech qayoqqa ko‘chmaymiz. Lekin sen Ukraina tomonidan berilgan pasportingni tayyorlab qo‘yaver», — degan Usoma Hamdan.

Usoma Hamdanning aytishicha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv boshlanganidan buyon G‘azo sektori va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida 30 mingdan ortiq falastinliklar Isroil harbiylarining qurboniga aylanishgan.

HAMAS yetakchilaridan biri Solih al-Aruriyning o‘ldirilishi isroillik garovda ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarga nuqta qo‘ygan, deb xabar beradi NBC News .

Isroil maxsus kuchlari Livan poytaxti Bayrut shahrining Mashrafiya dahasida joylashgan HAMASning qarorgohiga boshqariladigan raketa yordamida hujum qilgan va HAMAS siyosiy byurosi rahbarlaridan biri Solih al-Aruriy doxil bir necha kishilarni o‘ldirgan edi.

Telekanal suhbatdoshlaridan birining aytishicha, hozircha HAMASda muzokara o‘tkazish uchun stimul yo‘q: chunki garovdagilar ozod qilinishi hamono Isroil bombalashlarni qayta boshlaydi.

Bu orada Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant ham G‘azodagi harbiy harakatlar garovda ushlab turilganlarning barchasi qaytarilmaguncha davom etishini bildirdi.

Isroilning Yediot Axronot gazetasining yozishicha, Isroil armiyasi garchi 60 mlrd dollar sarflagan bo‘lsa-da, G‘azoda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erisha olmagan. 

Isroildagi vaziyat

Livandagi «Hizbulloh» harakati va Isroil o‘rtasidagi vaziyat ham xavfliligacha qolmoqda. Bu borada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vazirlar Mahkamasida chiqish qilgan.

Uning aytishicha, Isroil «Hizbulloh» bilan mojaroni siyosiy usullar bilan hal qilishga tayyor, biroq diplomatiya yordam bermasa, «boshqa» choralar ko‘riladi.

«Men «Hizbulloh»ni HAMAS so‘nggi oylar ichida chiqargan xulosadan saboq olishga chaqiraman — ularning birortasi bundan sug‘urtalanmagan. Biz shimoldagi fuqarolarimizni himoya qilib, ularni o‘z uylariga qaytarishga to‘liq tayyormiz. Biz milliy maqsad, uni hamma qo‘llaydi va unga erishish uchun harakat qilamiz. Bunga siyosiy yo‘l bilan erishishga urinamiz, agar imkoni bo‘lmasa, boshqa yo‘llarni ko‘ramiz», — degan Netanyahu.

AQSh hokimiyati ham Isroilning urushni Livanga yoyish rejalaridan xavotirda, deb yozadi Washington Post nashri. Gazetaning manbalari xususiy suhbatlarda AQSh ma’muriyati Isroilni Livandagi vaziyatni avj oldirmaslikka chaqirayotganini ta’kidlashgan.

Bu orada Iroqdagi islom qarshilik harakati Isroilning Hayfa shahriga zamonaviy qanotli raketalar bilan hujum qilgan. Raketalar Hayfa portini nishonga olgan. 

Qizil dengizdagi taranglik

Yamanning «Ansorulloh» harakati — husiychilar tomonidan Qizil dengizda amalga oshirilayotgan hujumlar 40 dan ortiq mamlakatlarning manfaatiga zarar yetkazmoqda va jahondagi dengiz tashuvlarining 20 foiziga tas’ir o‘tkazmoqda.

Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Qatarning bosh vaziri Muhammad ibn Abdurrohman Ol Soniy bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida bayon qilgan.

Yamanning oliy siyosiy kengashi a’zosi Muhammad Ali al-Husiy Bayden, Makron va Sunakning hukumatlari Netanyahuning qo‘shnisi bo‘lmasa ham minglab kilometrdan Isroilni qo‘llab-quvvatlashga kelganini BBC muxbiriga pisanda qilgan.

«BBC 2015 yildan buyon o‘z yangiliklarida biz xalq o‘rtasida qo‘llovga ega emasligimizni bot-bot takrorlab keladi. Agar xalq bizni qo‘llamasa, 9 yil mobaynida AQSh va Britaniya doxil 17 ta mamlakatga qarshi kurasha olgan bo‘larmidik?» — degan al-Husiy. 

Ukrainaga yordam

Ukraina g‘arb davlatlarining yordamisiz budjet xarajatlarini qisqartirish yoki taqchillikni to‘ldirish uchun pul chop etishga majbur bo‘ladi. Har ikki variant mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf uyg‘otadi, deb yozadi The Wall Street Journal.

Daniyaning Berlingske gazetasi mamlakat Ukrainaga taqdim etishga va’da qilgan F-16 samolyotlarini yetkazish yarim yilga surilishini ma’lum qilgan. Avvaliga yetkazish 2024 yilning boshlariga mo‘ljallangandi, endi muddat ikkinchi chorakning oxirlariga surilgan.

Biroq Ukraina F-16 samolyotlarini tez orada Norvegiyadan qabul qilib olib, yana qarshi hujumga o‘tishi mumkin, deb yozadi nemislarning Welt nashri.

Nashrga ko‘ra, Krinki daryosining so‘l qirg‘og‘idagi Ukraina platsdarmidan Qrimgacha bor-yo‘g‘i 60 km qolgan. Qrim esa ayni paytda Rossiya nazoratida ostidagi eng muammoli hudud bo‘lib turibdi. Ukraina armiyasi u yerda havo hujumidan mudofaa tizimi va radiolokatsion tizimlarni faol yo‘q qilmoqda.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava xonim Kiyevga tashrif bilan kelib, ukrainalik hamkasbi Dmitro Kuleba bilan suhbatlashgan.

Kyodo agentligining qayd etishicha, Yaponiya NATO fondiga 37 mln dollar ajratadigan bo‘ldi. Bu pullar Ukraianaga pilotsiz parvoz qurilmalarini aniqlash tizimini xarid qilish uchun yo‘naltiriladi.

Tokio Ukrainaga yetishmayotgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini AQShga yetkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Vashington bu qurilmalarni Ukrainaga beradi. Tokio shuningdek, bilvosita yetkazib berish sxemasi orqali Ukraina qurolli kuchlariga 155 millimetrli snaryadlar ham yetkazishga rozilik bergan. 

KXDR snaryad otishda davom etmoqda

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegarani uchinchi kun ham o‘qqa tutdi. Bu safar KXDR Sariq dengizda joylashgan Yonpyongdo orolining shimoliga o‘q uzgan. Janubiy Koreya hukumati Yonpyongdo va unga qo‘shni orollar aholisini uyda qolishga chaqirdi.

KXDR tomonidan dastlab juma kuni 200 ta snaryad uchirilgan bo‘lsa, shanba kuni 60 ta snaryad otilgan.

Bunga sabab qilib, Janubiy Koreya Ukraina uchun qurol-yarog‘ yetkazib berayotgan asosiy davlatlardan biri bo‘lganini ko‘rsatishmoqda.

Janubiy Koreya yozgi qarshi hujum chog‘ida asosiy homiylardan biri bo‘lgan. U Yevropa Ittifoqidan ham ko‘proq snaryadlar yetkazgan. The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, o‘tgan yili Janubiy Koreya 41 kun ichida 300 mingta 155 millimetrli artilleriya snaryadlarini Ukrainaga maxfiy yetkazgan. Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lmish KXDRning bu provokatsiyasidan ko‘zlangan maqsad — Ukrainaga snaryadlar va o‘q-dorilar yetkazilishini to‘xtatish bo‘lishi mumkin. 

Yevropada prezident o‘zgaradi

Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel 2024 yilning iyulida bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamentiga saylovlarda ishtirok etish niyatini e’lon qildi. Buning uchun u o‘z lavozimini muddatidan avval tark etadi. Chunki bir vaqtning o‘zida u ham Yevropa Kengashi prezidenti, ham Yevropa parlamenti deputati bo‘la olmaydi.

Sharl Mishel 16 iyul kunigacha — Yevropa parlamenti deputati sifatida qasamyodga keltirilgunga qadar o‘zining hozirgi lavozimida ishlab turadi. U OAV bilan suhbatda o‘zining vorisini iyun oyining oxirlari yoki iyulning boshlarida ma’lum qilishini aytgan.

Politico nashrining xabar berishicha, agar Yevropa ittifoqi davlatlari bu lavozimga yangi nomzodni tasdiqlay olishmasa, uni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban egallaydi. Chunki bu davrda Vengriya Yevropa Kengashiga raislik qilayotgan bo‘ladi. 

Giyohvand Ilon Mask

Dunyoning eng boy odami bo‘lmish Ilon Maskning narkotik moddalar iste’mol qilishi Tesla va SpaceX kompaniyalariga jiddiy soya solishi mumkin, deb yozadi The Wall Street Journal nashri.

Gazeta Ilon Mask taqiqlangan preparatlarni muntazam iste’mol qilib kelgani to‘g‘risida katta material chop etgan. U butun dunyodagi xos mehmondorchiliklarda LSD, kokain, ekstazi, ruhiyatga ta’sir o‘tkazuvchi qo‘ziqorinlar iste’mol qilgan, deb yozadi nashr bu voqealarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan guvohlariga asoslanib. Aslida, bunday kechalarga tashrif buyurganlar ko‘rgan-bilganlarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida bitim imzolab, telefonlarini kiraverishda qoldirishadi. Lekin baribir og‘zidan gullab qo‘yganlar topilibdi.

Ilon Maskka yaqin insonlarning aytishicha, 52 yoshli milliarder hamon narkotik moddalar iste’mol qilishda davom etmoqda.

Tesla va SpaceX kompaniyalari direktorlar kengashi xo‘jayinning narkomanligi kompaniyalarning obro‘siga putur yetkazishidan hayiqishmoqda. 

Xitoydan yangiliklar

Amerika razvedkasiga ko‘ra, Si Jinping tomonidan o‘tkazilgan Xitoydagi harbiy doiralardagi tozalashlarga qurolli kuchlardagi keng ko‘lamli korrupsiya sabab bo‘lgan, deb yozadi Bloomberg. Misol tariqasida agentlik yoqilg‘i o‘rniga suv to‘ldirilgan raketalar aniqlanganini keltirmoqda. Xitoy oliy armiya rahbariyatidagi muammolar va silkitishlar Xitoy tomonidan yirik harbiy harakatlar amalga oshirilishi ehtimolini pasaytiradi.

Bu orada Xitoy Tayvanga qurol-yarog‘ sotgani uchun Amerikaning 5 ta kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Qo‘llanadigan choralarga ko‘ra, aktivlar muzlatiladi. Tashkilotlar va xususiy shaxslarga bu kompaniyalar bilan bitim imzolash va har qanday ko‘rinishda hamkorlik qilish taqiqlanadi. 

AQSh Kongressidagi murosa

AQSh Kongressining respublikachilar va demokratlar partiyasi vakillari federal hukumatning joriy yildagi ishini moliyalashtirish masalasida kelishuvga erishishgan. Bu haqda Jo Baydenning yozma bayonotida ma’lum qilinadi.

Reuters agentligining qayd etishicha, AQSh Kongressining Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson AQShning 2024 yilning umumiy budjeti 1,6 trillion dollarni tashkil etishini ma’lum qilgan. Ularning 886 mlrd dollari mudofaa sohasidagi xarajatlarga yo‘naltiriladi.

AQSh endi Ukraina uchun yordam paketini qiynalmasdan qabul qilishi mumkin, ikki yil uchun harbiy budjet 1,7 trillion dollarni tashkil etmoqda, degan Markaziy razvedka boshqarasi sobiq direktori TsRU Devid Petreus. Uning aytishicha, Ukrainani moliyalashtirishdan AQSh manfaatdor, chunki harbiy harakatlar NATO chegarasida yuz bermoqda. Agar Rossiya Ukraina ustidan g‘alaba qozonsa u to‘xtamaydi va keyingi nishon Moldova yoki Boltiqbo‘yi davlatlari bo‘lishi mumkin, degan Petreus. 

Germaniyadagi josuslik

Bir yildan ziyod vaqt mobaynida Germaniyadagi harbiy poligonlar uzra noma’lum dronlar uchib yuribdi va ularni tuta olishmayapti, deb yozadi Bild nashri.

Shubhali pilotsiz parvoz qurilmalari har hafta ko‘zga tashlanmoqda. Ular ko‘proq ukrainalik harbiylar mashq qilayotgan joyda paydo bo‘lmoqda. Germaniyaliklar dronlarni rossiyaliklar uchiryapti, degan gumonga borishmoqda, biroq hozircha buni isbotlay olishmayapti. 

Skandinaviyadagi rekord izg‘irinlar

Shimoliy Yevropa davlatlariga –40 darajadan sovuq havo yopirildi. Masalan, Norvegiya poytaxti Oslo shahrida meteorologik kuzatuvlar tarzida ilk marta havo harorati –31°S gacha pasaygan. Shvetsiyada –43°S darajali izg‘irinlar so‘nggi 25 yil ichida ilk marta kuzatilmoqda. Finlandiyada havo havrorati –44,3°S gacha pasaygan. Qattiq sovuq Boltiqbo‘yi davlatlari, Belarus va Ukrainaning shimoliy hududlarida ham kuzatilmoqda.

Mavzuga oid