Jahon | 13:49 / 15.10.2024
4290
10 daqiqa o‘qiladi

Livan shimoliga hujum, BMTga pisanda qilgan Erdo‘g‘an va urushga majburlanayotgan migrantlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Livandagi vaziyat

Isroil Livanning shimolidagi hududga kutilmaganda zarba berdi. Halok bo‘lganlar bor.

Isroil bilan chegaradosh hududlarda harbiy harakatlar intensivligi o‘tgan sutkalarda oshdi. Isroil mudofaa armiyasi — TsAHALning kutilmaganda Livan shimoliga zarba bergani ham xabar qilinmoqda. Mahalliy hukumatning xabarlariga ko‘ra, zarbalar natijasida asosan nasroniylar istiqomat qiluvchi hududda 9 kishi halok bo‘lgan. Livandagi Qizil xoch jamiyati esa qurbonlar soni 18 nafar ekanini aytmoqda.

Bundan tashqari Isroil qurolli kuchlari Livan janubidagi Nabatiya shahridagi ko‘hna bozorga hujum qilgan. Jome masjidi va bir nechta boshqa binolar vayron qilingan. Biroq, halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumotlar tarqatilmagan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi 10 kishi halok bo‘lganini, ularning orasida tinch aholi vakillari ham borligini, shuningdek, tibbiyot muassasalariga jiddiy talafot yetkazilganini ma’lum qilgan.

Shu kungacha Isroilning Livandagi agressiyasi qurbonlari soni 2306 kishini tashkil qilmoqda. So‘nggi sutka ichida kamida 51 kishi qurbon bo‘lgan, 174 kishi yaralangan. Sentyabr oyi o‘rtalaridan buyon o‘ldirilganlar soni 1400 kishiga yetgan. Yaradorlar soni esa 10 mingdan oshgan.

BMTʼni qiynayotgan Isroil

Isroil armiyasining hujumlari natijasida Livanda BMT tinchlikparvar kuchlarining 15 nafar askarlari yaralangan.

BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari — UNIFIL vakillari Isroil qo‘shinlari BMT bazasi darvozasini buzib, hududga tanklarda bostirib kirgani, 15 nafar tinchlikparvar kuchlar askarlarini yaralaganini ma’lum qilgan.

Missiyaning rasmiy bayonotida shunday deyiladi:

«Biz Isroil mudofaa armiyasi va mojaroning boshqa tomonlarini BMT xodimlari va mulklarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarga amal qilishga, shuningdek BMT obektlarining daxlsizligini hurmat qilishga chaqiramiz».

Bu hodisa Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga tinchlikparvar kuchlarni mojaro hududidan «zudlik bilan olib chiqib ketish»ga chorlovi fonida ro‘y bergan.

Janubiy Livandagi vaziyat Isroilning «Hizbulloh» harakatiga qarshi operatsiyalari fonida keskinlashib bormoqda. Soni 10 ming nafar bo‘lgan BMT kuchlari mojaro markazida qolib ketgan.

Hattoki o‘z personalini ham himoya qilolmayotgan BMT obrazi xalqaro tizim uchun sharmandalik va xavotir uyg‘otadi, degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Bu haqda u Turkiya vazirlar devonining yig‘ilishidan so‘ng telemurojaatida aytib o‘tgan.

«Isroilni to‘xtatish uchun BMT Xavfsizlik kengashi yana nimani kutyapti?» — degan Turkiya yetakchisi Yaqin Sharqda ro‘y berayotgan voqealar fonida tashkilotning harakatsizligini sharhlar ekan.

G‘azodagi vaziyat

Netanyahu G‘azoning shimoliy qismiga insonparvarlik yordamlarini yetkazishni bloklashni rejalashtirmoqda. Bu reja Netanyahu va Isroil parlamentiga iste’foga chiqqan bir guruh generallar tomonidan taqdim etilgan.

G‘azodagi urushning bir yili davomida Isroil bir necha bor eksklavning shimolidan aholini ko‘chirish haqida buyruqlar bergan. Bunday buyruqlarning so‘nggisi yakshanba kuni yangragan. Netanyahu va Isroil parlamentiga taqdim etilgan rejaga ko‘ra, G‘azoning shimoliy hududining uchdan bir qismini, jumladan G‘azo shahrini falastinliklardan tozalash va u yerni yopiq harbiy zona deb e’lon qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Isroil G‘azoning shimoliy qismida noma’lum muddatga nazoratni o‘z qo‘liga oladi, yangi ma’muriyat yaratadi va shu yo‘l bilan G‘azoni ikkiga bo‘ladi.

Hozircha evakautsiya to‘g‘risidagi so‘nggi buyruqqa falastinliklarning hammasi ham itoat etayotgani yo‘q. Ayniqsa, qariyalar va bemorlar o‘z uylarini tark etishga qo‘rqib turishibdi. Ko‘pchilikning borar joyi yo‘q, agar o‘z uylarini tark etsa, Isroil ularga qaytishga izn bermasligidan cho‘chimoqda. Politico nashrining yozishicha, Isroil avval chiqib ketganlarning qaytishiga yo‘q qo‘ymay kelmoqda.

AQSh davlat departamentining vakili Vashington G‘azoning Isroil tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri okkupatsiyasini nazarda tutuvchi har qanday rejaga qarshi ekanini aytgan.

Huquqbonlik tashkilotlari esa bunday reja tinch aholi o‘rtasida ocharchilik kelib chiqishi, bu esa oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanish hamda majburiy ko‘chirishlarni amalga oshirishni taqiqlovchi xalqaro huquqlarga zid ekanini ta’kidlashmoqda.

Ukrainaga yordam

Yevropa parlamenti Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan Ukrainaga 35 mlrd yevro kredit ajratishni ma’qulladi.

Yevroparlamentning xalqaro savdo bo‘yicha qo‘mitasi bu boradagi taklifni ma’qullagan.

Ma’lum qilinishicha, taklifni 31 deputat qo‘llab-quvvatlagan, to‘rt kishi qarshi chiqqan. Yangi kredit maqsadli emas, shu sababli Ukraina bu pullarni o‘zining ehtiyojlariga qarab tasarruf qilishi mumkin, deya aniqlik kiritishgan qo‘mitadagilar. Parlament bu taklif bo‘yicha 21–24 oktyabr kunlari ovoz berishi kutilmoqda.

NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte Rossiyaning qo‘rqitish taktikasi NATO alyansiga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, blok Kiyevga qat’iy yordam berishda davom etaveradi.

«Rossiya tomoniga jo‘natilgan nomamizning mazmuni shundan iboratki, Vladimir Putin o‘z niyatiga yeta olmasligini kafolatlash uchun barcha ishlarni qilamiz, Ukraina g‘alabaga erishadi», — degan Ryutte.

Xitoyning harbiy mashqlari

Xitoy Tayvan oroli yaqinidagi harbiy mashqlar yakunlanganini e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy mashqlarda 125 ta samolyot, shuningdek harbiy dengiz kemalari ishtirok etgan. O‘tkazilgan manyovrlarda Xitoy Tayvanning portlari va asosiy obektlarini blokada qilishni mashq qilgan.

Xitoy harbiy mashqlar Tayvanning harakatlariga qarshi jiddiy ogohlantirish ekanini ta’kidlagan.

Tayvan Mudofaa vazirligi esa Xitoy tomonidan o‘tkazilgan bu harbiy mashqlar asoslanmagan provokatsiya ekanini ta’kidlagan.

«Xitoy mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka raxna soluvchi, Tayvandagi demokratiya va erkinliklarga tahdil qiluvchi harbiy provokatsiyalarni bas qilishi kerak», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Rossiya va migrantlar

Rossiya aholisi mamlakatdagi migrantlar sonini haddan ziyod, deb hisoblamoqda. Ishga qabul qilish bo‘yicha onlayn hh.ru platformasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning 80 foizi shunday fikrga ega. Yil davomida bu javobni berganlarning ulushi 21 foizga oshgan.

So‘rov ishtirokchilarining 12 foizi mamlakatdagi mehnat migrantlari sonini yetarli deb hisoblaydi. Yana 4 foizi ularning sonini ko‘paytirish tarafdori bo‘lgan.

Migrantlar asosan sharoitlar mahalliy aholi uchun mos bo‘lmagan ishlarga jalb qilinmoqda — bu 58 foiz so‘ralganlarning fikri. 59 foiz ishtirokchi ish beruvchilar mehnat migrantlarini ishlatishdan manfaatdor, deb hisoblamoqda.

So‘rov ishtirokchilarining qariyb uchdan ikki qismi mehnat migratsiyasi Rossiya hududlari uchun zararli, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, 56 foiz so‘ralganlar migrantlar mahalliy aholi to‘ldirishi mumkin bo‘lgan ishlarni egallab olgan, deb hisoblaydi. Rossiyaliklarning 39 foizi ularning o‘rnini egallashga tayyor, 28 foizi bunga tayyor emas.

Avvalroq Rossiya koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ommaviy ravishda Ukrainaga qarshi urushga yuborilish uchun shartnomalar imzolashga majburlanayotgani xabar qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahkumlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linib, diniy qarashlari tufayli tahqirlanmoqda. Koloniya xodimlari, shuningdek, qolgan mahkumlarni jazo muddatini o‘tayotgan migrantlarni kaltaklashga chaqirmoqda.

Qo‘shnilar kelishuvga yaqin

Qirg‘iziton va Tojikiston chegara masalalari bo‘yicha kelishuvga juda yaqin turishibdi. Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev qig‘iz-tojik chegarasini aniqlashtirish bo‘yicha ishlar deyarli yakunlanganini ma’lum qilgan.

«Yaqin kunlarda, xudo xohlasa, biz qo‘shnilar bilan chegara masalasini uzil-kesil hal qilamiz. Bu kimning joyi, qanaqa yer, degan noaniq joylar qolmaydi. Barchasi huquqiy maydonda yechiladi va biz o‘z tuprog‘imizni ko‘z qorachig‘idek asraymiz. Bu ham biz erishgan yutuqlardan biri», — degan u.

Avvalroq 7-13 oktyabr kunlari Botkenda Qirg‘iziston va Tojikiston topografik va huquqiy ishchi guruhlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va unda chegaraning qolgan uchastkalari muhokamasi davom ettirilgan edi.

Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, keyingisi Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishlar davom ettiriladi.

Mavzuga oid