Navbatdagi maqolada Qozog‘istondagi vaziyat haqida so‘z boradi. Bu haqda qozog‘istonlik jurnalist Alisher Satvaldiyev ma'lumot berdi.

– Markaziy Osiyo davlatlari orasida koronavirusga chalinish holati birinchi bo‘lib Qozog‘istonda aniqlandi. O‘sha paytda mamlakatda joriy qilingan dastlabki cheklovlar nimalardan iborat bo‘ldi? Hozir vaziyat qanday, karantin cheklovlari yumshatildimi?

– Qozog‘iston Xitoy davlati bilan chegaradosh. O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa davlatlarga ushbu davlat filtr vazifasini ham bajarib beryapti, deyishimiz mumkin. Chunki boshqa davlatlarning fuqarolari Qozog‘iston orqali o‘tib, chegaralar yoki boshqa bir blokpostlarda isitmasi bor, virusning belgilari bor fuqarolar o‘sha yerning o‘zida karantin muddatini o‘tkazyapti. Qozog‘iston shaharlarida O‘zbekiston fuqarolari ham davolanayotgani to‘g‘risida ham ma'lumotlar bor.

Hukumat tomonidan dastlabki chora-tadbirlar 16 martdan e'lon qilindi. Bunda birinchi bo‘lib Nur-sulton shahri, undan so‘ng Olmata shahri va uchinchi bo‘lib Chimkent shahri karantinga olindi.

Ko‘pgina davlatlar qatorida Qozog‘iston ham 1 maygacha deb e'lon qilgan edi, biroq keyin 11 mayga qadar uzaytirdi. Hozirgi kunda prezidentning bayonnomasidan keyin 4 maydan 11 mayga qadar korxonalar bosqichma-bosqich ishga tushirilishi iqtisodiyotni qaytadan yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ko‘zda tutilmoqda. Kechagina blok-postlar olindi (suhbat 1 may kuni yozib olingan), ko‘chalarda mashina va transportlar qatnovi, shuningdek, fuqarolarning yurish-turishi sezilarli ko‘paygan.

4 maydan boshlab ayrim korxona va tashkilotlarning faoliyati tiklana boshlaydi. 11 maydan boshlab favqulodda vaziyat bekor qilinadi, degan umidimiz bor.

Alisher Satvaldiyev

Markaziy Osiyo davlatlari ko‘pchiligi agrar davlatlar hisoblanadi. Qozog‘istonda ham xuddi O‘zbekistondagidek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga o‘z faoliyatlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berildimi? Yoki ular haligacha karantin cheklovlari ta'siri doirasida qolishyaptimi?

– Bizda bu masala endi ko‘tarilmoqda. Chunki O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Qozog‘iston mintaqa shimolida joylashgan. Shu sababli ekinlar endi hosilga kirishni boshlamoqda.