– Qirg‘izistonda Markaziy Osiyo davlatlari orasida uchinchi bo‘lib koronavirus aniqlandi. Hozir vaziyat qanday? Kasallik jilovlandimi? Markaziy Osiyoda faqatgina ikkita davlatda, jumladan, Qirg‘izistonda favqulodda holat e'lon qilindi, bu samara beryaptimi?

– Qirg‘izistonda koronavirus qayd etilgan hududlarda favqulodda holat va favqulodda vaziyat rejimi joriy qilindi. Aytaylik, Talas viloyatida umuman koronavirus aniqlangan emas. Eng ko‘p O‘sh va Bishkek viloyatida aniqlangan. Qolgan viloyatlarning ba'zilarida ko‘p, ba'zilarida esa kam.

24-25 mart kunlari koronavirus yuqishining cho‘qqisi bo‘ladi, deb kutilgandi, lekin bunday bo‘lmadi. Buning o‘rniga tenglashish, ya'ni davolanayotganlar bilan shifo topganlarning ko‘rsatkichi tenglashayotgani statistikalarda ko‘rsatildi.

Achinarli jihati – eng ko‘p kasallanayotganlar shifokorlar ekani. Ya'ni 1 may holatiga (intervyu shu kuni yozib olingan – tahr.) 756 kishi yuqtirib kelgan bo‘lsa, ularning 198 nafari – tibbiyot xodimlaridir.

Ularning ichida shifokorlar, hamshiralar va bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan tibbiy personal vakillari bor. Bunga tibbiy niqoblarning, himoya vositalarining kamligi, ularning sifatsizligi sabab bo‘layotgani aytilyapti.

Shifokorlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda ham himoya vositalari yetarli emasligi, shuning uchun ular orasida koronavirusdan zararlanish holatlari ko‘p bo‘layotganini aytib chiqishdi. Lekin bu bayonotlarning orqasidan kechirim so‘rab chiqish holatlarini ham ko‘rdik. Lekin vaziyat ko‘rsatib turibdiki, mana shu shifokorlarning ishlash tartibida, o‘zini kasallikdan himoyalashida qandaydir kamchiliklar bor va balki shuning uchun juda ko‘p tibbiyot xodimlarining koronavirusni yuqtirib olishi kuzatilayapti.

– Qirg‘izistondagi karantin cheklovlarini xalq qanday qabul qilyapti? Amal qilishyaptimi?

Davron Hotamov

– Koronavirus qayd etilgunga qadar «bizga bu kasallik kelmaydi, biz undan holimiz», degan tushuncha bor edi va eng asosiy muammo – savdo qanday bo‘ladi, tovarlar qanday keladi yoki ertaga nimani sotamiz va sotib olamiz yoki qimmatlashib ketadimi, degan savollar ham o‘ylantirdi. Bu kasallik chet elga borib kelganlarda aniqlangani sababli ham ba'zi bir insonlarda tushunmovchiliklar bo‘ldi. Insonlar vahimaga tushgandek, ya'ni koronavirus bilan vahimani hisobga oladigan bo‘lsangiz, vahima kuchliroq bo‘layotgan edi o‘sha payt.