Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada sulh va saylov ehtimoli ortmoqda - siyosatshunoslar
Ukrainada saylov masalasi yana muhokama markazida. AQSh bu mavzuni Kiyevga, xususan prezident Zelenskiyga bosim sifatida ishlatyapti. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida qatnashgan siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, hozirda urushning yakuniy pallasi kechayotgan bo‘lishi mumkin.
— Ukrainada qachon prezidentlik saylovi o‘tkazilishi mumkin?
Sherzod Ziyoyev: Bugungi bosqichda Ukraina mojarosi asta-sekin yakuniy pallaga yaqinlashmoqda. Xalqaro hamjamiyat Ukrainada tinchlik jarayonini boshlash va urushni tugatishga qaratilgan aniq qadamlar tashlanishidan umid qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, saylovlar masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Saylovlar o‘tkazilishi Ukraina davlatining legitimligi, suvereniteti va siyosiy barqarorligini mustahkamlovchi omil sifatida ko‘rilmoqda.
Valeriy Zalujniy masalasi ham bejiz kun tartibiga chiqmayapti. U sobiq bosh qo‘mondon, Ukraina armiyasining yetakchi figurasi bo‘lgan va hozirda Buyuk Britaniyada elchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Mening fikrimcha, Yevropa doiralari kelajakda Zalujniy nomzodini ilgari surishi ehtimoldan xoli emas. Chunki vaqt o‘tishi bilan Volodimir Zelenskiyning reytingi pasayishi mumkin. Zelenskiy muayyan tarixiy vazifani bajardi, biroq agar unga doir korrupsion holatlar tasdiqlansa, bu uning siyosiy obro‘yiga jiddiy zarba bo‘ladi.
Zalujniy esa kuchli nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Unda real harbiy tajriba bor, u askarlar orasida katta qo‘llovga ega. Urushning asosiy yukini ko‘tarayotgan harbiylar jamiyatda muhim siyosiy vaznga ega bo‘lib bormoqda. Tinchlikdan keyingi mudofaa modeli, saylovlar va xavfsizlik masalalarida aynan harbiylar fikri ustun bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shu bois Zalujniy nomzodi jiddiy siyosiy omilga aylanishi mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: Avvalo AQSh tomoni, xususan Donald Tramp saylovlar masalasini Volodimir Zelenskiyga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘tarayotgani kuzatilmoqda. Ukraina qonunchiligi va xalqaro amaliyotga ko‘ra, saylov o‘tkazish uchun nisbatan barqaror ijtimoiy-siyosiy muhit zarur. Amaldagi urush sharoitida saylov o‘tkazish deyarli imkonsiz. Ukraina tomoni ham saylovlar uchun kamida otashkesim bo‘lishi shartligini ta’kidlamoqda. Chunki saylov bir kunlik jarayon bo‘lsa-da, unga tayyorlanish va o‘tkazish bir necha oy vaqt talab etadi.
Haqiqatan ham, Zalujniyning Ukraina jamiyatidagi nufuzi yuqori. U Rossiyaga murosasiz qarshi turgan, real jangovar tajribaga ega va tarixiy ahamiyat kasb etgan qo‘mondonlardan biriga aylangan. Zalujniy va Zelenskiy o‘rtasida konseptual va siyosiy yondashuvlarda farqlar mavjud. Zalujniy Rossiyaga nisbatan yanada qat’iy pozitsiyani egallagan shaxs sifatida qabul qilinadi. Ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, agar Zalujniy nomzod sifatida maydonga chiqsa, aholining katta qismi uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu esa Ukraina jamiyatining murosadan ko‘ra qarshilik va mustaqillik uchun kurashni afzal ko‘rayotganini anglatadi.
Uchinchi jihat shundan iboratki, Zalujniyning nomzodligi hozircha faqat taxmin va spekulyatsiya darajasida muhokama qilinmoqda. Saylov jarayoni rasman boshlangani yo‘q, kampaniya e’lon qilinmagan va Zalujniyning o‘zi ham prezidentlikka nomzodini qo‘yishini ochiq bayon qilmagan. Shu bilan birga, demokratiya sharoitida Zelenskiyning yana nomzod sifatida ishtirok etish imkoniyati saqlanib qolmoqda. U hozir birinchi muddatini o‘tayotgan prezident hisoblanadi va agar saylovlar o‘tkazilsa, ikkinchi muddatini olish ehtimoli mavjud.
Ukraina prezidentlik-parlament boshqaruv tizimiga ega. Prezident hukumatni shakllantiradi, biroq parlament asosiy qarorlarni tasdiqlovchi muhim institut hisoblanadi. 2019 yilgi saylovlarda birinchi marta parlamentda prezident tarafdorlari eng yirik fraksiyaga aylandi. Hozirgi parlamentda ham Zelenskiy partiyasi ko‘pchilikni saqlab qolmoqda va prezident tashabbuslarini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Shu sababli Zelenskiyni siyosiy maydondan butunlay chiqarib tashlash haqida gapirish hozircha erta, uning saylovlarda ishtirok etish va g‘alaba qozonish ehtimoli hanuz mavjud.
Suhbatni batafsil Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:47 / 28.12.2025
Zelenskiy Ukrainadagi urush yakunlanishi haqida fikr bildirdi
16:04 / 28.12.2025
«Rus ko‘ngillilari korpusi» komandiri Denis Kapustin halok bo‘ldi
09:33 / 28.12.2025
Rossiya Kiyevga yopirilma zarba yo‘lladi
14:59 / 27.12.2025