Jahon | 20:56
2682
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqish uchun ikki oy muhlat berdi – Zelenskiy

Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, aks holda Rossiya tinchlik shartlarini o‘zgartirish bilan tahdid qilmoqda.

Foto: AP

Rossiya muzokaralar doirasida Ukrainadan ikki oy ichida Donetsk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqishni talab etmoqda, aks holda uning talablari o‘zgarishi bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

«Ular Amerika tomoniga aytmoqda: hozir muddat o‘zgardi - ikki oydan keyin davlatimiz sharqini, Donbassni egallab olishadi. Va shuning uchun Ukrainada u yerdan ketish uchun ikki oy bor. Ana shunda urush tugaydi. Agar Ukraina ketmasa, unda Rossiya Donbassni egallab oladi va keyin boshqa shartlar qo‘yadi», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Rossiya buni amalga oshirolmasligini va Moskva buni «tushunib turganini» qo‘shimcha qildi.

Donbass maqomi Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarda asosiy masala hisoblanadi. Tomonlar vakillari ilgari bir necha bor deyarli barcha boshqa masalalar bo‘yicha murosaga kelganligini bildirgan.

AQSh va Isroilning Eron bilan urushi tufayli rasmiy muzokaralar to‘xtatildi, chunki AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner hozir asosan Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bilan shug‘ullanmoqda. Shu bilan birga, amerikaliklarning ukrainaliklar va rossiyaliklar bilan ikki tomonlama aloqalari saqlanib qolmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid