Jahon | 19:39 / 31.08.2025
4140
3 daqiqa o‘qiladi

Endi Latviyaga boradigan o‘zbekistonliklar safar maqsadini ma’lum qilishi kerak bo‘ladi

Latviya tomonidan rasmiylashtirilgan viza yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lmagan uchinchi davlat fuqarolari Latviyaga safar qilishlaridan kamida 48 soat avval o‘zlari haqida tegishli ma’lumotlarni taqdim etishlari lozim.

Foto: iStock

Latviyaga tashrif buyuradigan uchinchi davlat fuqarolari uchun 1 sentabrdan boshlab avvaldan xabardor qilish tartibi joriy etiladi Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Latviya Immigratsiya to‘g‘risidagi qonuniga o‘zgartishlar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari tomonidan berilgan Shengen vizasi yoki yashash guvohnomasi bilan Latviyaga tashrif buyuradigan uchinchi davlat fuqarolari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun avvaldan xabardor qilish tartibi joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, Latviya tomonidan rasmiylashtirilgan viza yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lmagan uchinchi davlat fuqarolari Latviyaga safar qilishlaridan kamida 48 soat avval eta.gov.lv sayti orqali o‘zlari haqida tegishli ma’lumotlarni taqdim etishlari lozim. Bu majburiyat Latviya orqali tranzit harakatlanuvchi shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Latviyaga tashrif buyuruvchi shaxs shaxsan o‘zi eta.gov.lv sayti orqali so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etadi hamda tegishli tasdiq elektron manziliga kelib tushishini kutishi lozim.

Latviya Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, taqdim etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar sirasiga quyidagilar kiradi;

  • safar kirish maqsadi;
  • rejalashtirilgan turish vaqti va joyi;
  • safar yo‘nalishi;
  • aloqa ma’lumotlari;
  • shaxs yoki uning qarindoshi egallab turgan saylanadigan lavozimlarda faoliyat yuritishi;
  • saylovda nomzod sifatida qatnashganligi;
  • davlat yoki mahalliy hokimiyat organlarida amaldorlik hozirgi yoki sobiq maqomi;
  • Qurolli kuchlar, maxsus xizmatlar, chegara qo‘shinlari, bojxona, ichki ishlar, adliya yoki tashqi ishlar, jumladan, diplomatik xizmatlarda faoliyat olib borganlik haqidagi ma’lumotlar.

Latviya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, agar xorijlik ushbu ma’lumotlarni taqdim etmasa yoki noto‘g‘ri/to‘liq bo‘lmagan ma’lumot bersa, ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Yangi kirish tartibi diplomatik immunitetga ega shaxslarga, rasmiy vazifalarni bajarish yoki texnik qo‘llab-quvvatlash maqsadida qisqa muddatga Latviyaga kelayotgan shaxslarga taalluqli emas.

Mavzuga oid