O‘zbekiston | 18:08 / 17.04.2017
7665
3 daqiqa o‘qiladi

Viloyatlarda ishsiz fuqarolarni professional kasb-hunarga o‘qitish markazlari ishga tushadi

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi 199-sonli qaroriga muvofiq, 2017 — 2020 yillar davrida respublika hududlarida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha Chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Tashkil etilayotgan markazlar davlat ta'lim muassasalari hisoblanadi va bevosita O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga bo‘ysunadi, ularning faoliyatiga umumiy o‘quv-metodik rahbarlik qilish esa — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markaziga yuklanadi.

Markazlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga ega bo‘lgan ishsiz va vaqtincha band bo‘lmagan, shu jumladan doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va kasblar bo‘yicha — 1 yilgacha bo‘lgan muddatda kasb-hunarga bepul qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • mehnat organlarida ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan, ish izlayotgan shaxslarni, shuningdek ish beruvchilarning buyurtmanomalari bo‘yicha — xodimlarni, har yili o‘qishga olinadiganlar sonining 15 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va kasb-hunarlar bo‘yicha — to‘lov asosida qisqa muddatli o‘qitishni tashkil etish.

Markazlarning rahbarlari, o‘qituvchilari, ustalari va boshqa xodimlari mehnatiga kasb-hunar kollejlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari tatbiq etiladi.

Ushbu markazlarning o‘qituvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining lavozim maoshlariga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan to‘lanadigan 40 foizgacha miqdorda doimiy ustama belgilanadi. 

Belgilangan tartibda ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslar jumlasidan bo‘lgan o‘quvchilarga markazlarda bevosita bepul o‘qish davrida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan, qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida, 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat mobaynida stipendiya to‘lanadi.

Tashkilotlar o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash davrida ularga ishlab chiqarish amaliyoti dasturlariga muvofiq ularning ishlab chiqarish faoliyatini ta'minlaydigan haq to‘lanadigan ish joylari berish huquqiga ega.

Mazkur hujjatning to‘liq matni bilan "O‘zbekiston Respublikasi Qonunchiligi" axborot-qidiruv tizimida tanishishingiz mumkin.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid