O‘zbekiston | 18:50 / 04.03.2021
38714
7 daqiqa o‘qiladi

Tsirk hayvoni uchun ozuqa, go‘sht va qimmatbaho teri: Oxirgi 3-4 yilda O‘zbekistonda eshaklar soni ko‘paygan

Kim uchundir bugungi mavzu kulgili va mayda tuyular. Ammo gap insonga uzoq yillar davomida beminnat xizmat qilib kelgan jonivor, alohida biologik tur haqida ketmoqda. Oxirgi yillarda O‘zbekistonda uy hayvoni bo‘lgan eshakni so‘yib, uning go‘shtini yashirin tarzda iste'mol uchun bozor va umumiy ovqatlanish maskanlariga chiqarib yuborish holatlari sezilarli ko‘paydi.

Eshaklarni aholi xonadonlaridan arzon narxda xarid qilib, yoki o‘g‘irlab, sirk va ko‘chma sirk hayvonlariga ozuqa sifatida ham berib kelishadi.

Va nihoyat, eshak go‘shti va terisini O‘zbekistondan noqonuniy ravishda olib chiqib, xorijga, asosan Xitoyga eksport qilinayotgani haqida ham ishonchli ma'lumotlar uchraydi.

Bu kabi holatlarni umumlashtirganda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham eshaklar soni keskin kamayib ketayotgan yoki butunlay yo‘q bo‘lib ketish darajasiga kelib qolgan bo‘lishi mumkin.

Kun.uz muxbiri shu mavzuda o‘rganish olib bordi. Siz bilan biz yashayotgan davrda bir tur hayvonning butunlay yo‘qolib ketishi achinarli, albatta.

Eshaklar uy hayvoni sifatida

Uy eshagi insoniyat uchun iqtisodiy faoliyat va hatto madaniyatni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Eshak nafaqat odam tomonidan qo‘lga o‘rgatilgan birinchi hayvonlardan biri, balki yuk tashishda foydalanila boshlangan birinchi hayvon ham.

Eshaklar uy hayvoni sifatida dastlab Nil deltasi mintaqasida, jumladan, Nubiyada foydalanilgan. Keyinchalik Mesopotamiyada keng tarzda eshaklarni qo‘lga o‘rgatish boshlandi.

Yevropada eshakni xonakilashtirish tarixi antik davrlarga borib taqaladi.

Turli yumushlarda eshakning qulayligi shundaki, u o‘z vaznining 2/3 qismigacha bo‘lgan yuklarni ko‘tara oladi.

 Texnologik taraqqiyot xalq xo‘jaligida eshaklarning ahamiyati yo‘qolishiga olib keldi

XX asrning birinchi yarmida texnologik taraqqiyot avtomobillar va traktorlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu o‘z navbatida, eshaklarning xalq xo‘jaligidagi ahamiyatini kamaytirib bordi.

Eshaklar ularni yetishtirish mintaqalarining geografik joylashuvi tufayli saqlanib qoldi. Qisqacha tushuntirganda bu tur hayvonlar issiq, tog‘li mamlakatlarda hamda qashshoq iqtisodiyotga ega davlatlarda eng mashhur bo‘lgan. Bunga iqtisodiy qashshoq mamlakatlarning hamma aholisi ham qimmatbaho uskunalarni sotib ololmasligi ham sabab edi.

O‘rta va Markaziy Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq kabi mintaqalarning ayrim mamlakatlarida eshaklar hamon milliy iqtisodiyotni sezilarli harakatlantira oluvchi vosita bo‘lib kelmoqda.

Hozirgi kunda Yevropaning rivojlangan davlatlari va AQShda eshak boqish hobbi darajasida amalga oshiriladi. Sotish maqsadida zotli eshaklarni naslli yetishtirish fermalari ham mavjud.

O‘zbekistonda eshaklar soni kamayib ketyaptimi? Bu borada rasmiylar nima deydi?

Jahon ommaviy axborot vositalari ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda eshaklar soni yildan yilga kamayib ketmoqda. Ayrim ma'lumotlarda butun dunyodagi eshaklar soni 22 million atrofida ekanligi aytiladi.

Bir qator olimlar esa insoniyatni bu tur hayvonlarining butunlay yo‘qolib ketishi xavfidan ogohlantirishmoqda ham.  

Xo‘sh, O‘zbekistonda eshaklarning hozirgi taxminiy soni qancha? Eshaklar O‘zbekistonda ham butunlay yo‘qolib ketishi  mumkinmi?

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislariga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda eshaklar soni 230 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Qo‘mita ma'lumotiga ishonilsa, O‘zbekistonda oxirgi 3-4 yilda bu uy hayvonlarining soni hatto biroz o‘sgan.

Eshak terisi nima uchun qimmatli mahsulotga aylandi?

Dunyoning turli davlatlarida eshaklar sonining kamayib borishiga unga Xitoydan tushayotgan katta talab sabab bo‘lmoqda.

Xitoyda eshak go‘shtidan oziq-ovqat mahsulotlari, turli taom va dori-darmonlar tayyorlanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, an'anaviy Xitoy tibbiyotida hayvon terisidan olingan «ejiao» suvda eriydigan qattiq xamir, ayniqsa ayollarda qon hosil bo‘lishini yaxshilashga yordam beradi. Bu o‘pka meridianlari va «jigar va buyrak yinining energiyasi» bilan bog‘liq. Xitoyning ejiaoga bo‘lgan shu ehtiyojini qondirish uchun har yili millionlab eshaklar o‘ldiriladi.

Xitoy ejiao sanoati yiliga taxminan 4,8 million eshak terisini talab qiladi. Yangi hisobotda aytilishicha, 1992 yilda Xitoyda eshaklar soni taxminan 11 milliontani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich atigi 2,6 million.

Xitoyliklar endilikda ushbu sut emizuvchilarni qo‘shni va o‘ziga yaqin respublikalardan import qilmoqda.

XXR ejiao ishlab chiqaruvchilari hozirda o‘z hukumatidan eshak yetishtirishni rag‘batlantirish uchun subsidiyalarni qidirmoqda, chunki bu noqonuniy savdoni kamaytirishi mumkin. Biroq, boshqa davlatlar eshak terisi eksportini taqiqlab, unga qarshi qator radikal choralarni ko‘rmoqda.

 Eshak va boshqa uy hayvonlariga noinsoniy munosabatda bo‘lishga qanday jazo belgilangan?

2020 yilning noyabr oyida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilingan edi.

Unda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bunda hayvonga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, uni qiynash uning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha ozodlikni cheklash yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, bu kabi holatlar «Veterinariya to‘g‘risida»gi qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi hisoblanib, jiddiy jazoga tortilishi kerak.

Qonun posbonlari, mas'ul idoralarning «eshak biznesmenlari»ni qanchalik aniqlay olayotgani, «eshak qabristonlari»ni tashkil qilganlar gohida jazosiz qolayotgani esa yana bir mavzu.

 Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid