Xatirchi tumanining Oqtepa qishlog‘i baland tog‘lar etagida joylashgan. Hovlilar ancha tarqoq: qo‘shni uyga borish uchun qir oshadigan joylar ham yo‘q emas. Qishloq bolalari maktabga turli masofadan goh piyoda, goh turli ulovda qatnashadi. Davlat Xursanov maktabga borish uchun har kuni erta tongda eshak bilan tog‘ oralab, 8 km yo‘lni bosib o‘tadi.

Davlat Xursanov Xatirchi tumanidagi 30-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi. U maktabga olisdan – tog‘lar orasidan eshakda qatnaydi. Akasi Shamshod Xursanov shu yil maktabni tamomlab, talaba bo‘lgan. Aka-uka yoshligidan bir eshakka mingashib, har kuni 16 km yo‘l bosganicha maktabga borib-kelishgan.
Oqtepa qishlog‘idan 8 km olisda, qirlar bag‘rida 5 xo‘jalik istiqomat qiladi. Davlatning otasi Shakar aka Qorayev bu yerga 18 yil oldin ko‘chib kelgan.
“Ikki o‘g‘lim va ikki qizim bor. O‘g‘illarim yoshligidan gohida eshak bilan, gohida piyoda maktabga qatnaydi. Katta o‘g‘lim shu yil talaba bo‘ldi. To‘g‘risi, bu xabarni eshitganimda yig‘lab yuborganman. Kichik o‘g‘lim ham keyingi yil maktabni tamomlaydi. U ham oliygohga o‘qishga kiraman deb harakat qilyapti.
Bu yerda 5 xo‘jalik yashaymiz. Qishloqdan 7-8 km olis. Asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Dehqonchilik ham qilamiz ro‘zg‘orga yarasha. Bozordan faqat choy, yog‘ va sovun sotib olamiz, qolganini o‘zimiz yetishtiramiz”, — deydi Shakar Qorayev.

Davlat soat 6:30da maktabga qarab yo‘lga chiqadi va manzilga soat 7:45da yetib boradi. Qish kunlari u bu masofani piyoda bosib o‘tadi. Chunki izg‘irinli kunlarda eshakda yurib bo‘lmaydi, odam harakatsizlikdan sovqotadi.
Davlatning ta’kidlashicha, u yozda tog‘ pistasi terib, 2 mln so‘mga yaqin mablag‘ topgan. U bu pulga mototsikl olmoqchi bo‘lgan. Lekin akasi kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingach, fikridan voz kechib, topgan pulini akasiga bergan:
“Yoshligimdan shu tog‘-u toshlar orasida o‘sib, katta bo‘lganman. 2-sinf paytimdan maktabga eshakda qatnayman. Bu eshagimni 5-sinfdan beri minaman. Bu yerda mashina yurolmaydi. Mashinada borish uchun qirning narigi tomonidan aylanish kerak. Bu ancha uzoq bo‘lib ketadi. Motosikl olish uchun tog‘dan pista terib, biroz pul yig‘gan edim. Akam o‘qishga kirgach, to‘plagan pulimni unga berdim. O‘zim fizika, matematika fanlariga qiziqaman. Shu yo‘nalishda o‘qishga kirish niyatim bor.













