Kasallanish holatlari ko‘paygani haqidagi xabarlar asossiz, maxsus shifoxonalar yopilishi davom etmoqda – SSV
Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paya boshlagani, xususan, britancha shtamm tobora keng tarqalayotgani uchun qator shifoxonalar qayta ochilgani, Zangiotadagi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish kompleksi bemorlarga to‘lib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi.
«Negadir so‘nggi paytlarda mana shunday mazmundagi xabarlar ko‘payib qoldi. Qizig‘i, biz koronavirusga qarshi maxsus ochilgan yoki moslashtirilgan 159ta markazdan faqat 12tasi qolgani, Samarqand va Navoiy kabi viloyatlarda bunday komplekslar to‘liq yopilgani haqida e'lon qilayotgan paytimizda haqiqatga zid xabarlar tarqatilyapti.
Respublikamizdagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqaror, kasallikka chalinish holatlari kun sayin kamayib bormoqda, shifoxonalar yopilmoqda yoki konservatsiya qilinmoqda.
Xususan, Zangiotadagi 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasining «A» blogi to‘lig‘icha konservatsiya qilindi (ya'ni zarur holatda tezkor ishlashga shay holatda yopildi). Umumiy hisobda 700 nafarga yaqin kishi davolanayotgan bu kompleksdagi aksariyat bemorlarda PZR testlar natijasida koronavirus infeksiyasi tasdiqlanmagan. Ko‘pchilik koronavirusga shubha bilan borib, boshqa mavsumiy kasalliklardan davolanyapti.
Demak, bunday asossiz xabarlarga ishonmaslik va noto‘g‘ri ma'lumot tarqatish uchun javobgarlik borligini yana bir bor eslatib o‘tishga zarurat paydo bo‘libdi», dedi Furqat Sanayev.
- Ma'lumot uchun, 2020 yilning 9 dekabrida Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan saralash va taqsimlash markazlari hamda «Universal» sport majmuasidagi saralash va taqsimlash markazi, 2021 yilning 6 fevral kuni esa Samarqandda Covid-19 infeksiyasiga chalinganlarni davolashga mo‘ljallangan oxirgi markaz yopilgani haqida xabar berilgandi.
- Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan buyon O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 79442 nafarni tashkil etmoqda. Ayni vaqtda tibbiyot muassasalarida 892 kishi davolanmoqda, ulardan 153 nafari og‘ir, 28 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024