Jahon | 08:49 / 01.02.2019
8372
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyadan ayol jurnalist o‘limi uchun 300 mln dollar talab qildi

Foto: REUTERS

AQSh sudi Suriya hukumatini amerikalik ayol jurnalist Meri Kolvinning o‘limi uchun javobgar deb topdi va uning oilasiga tovon puli sifatida 300 mln dollar belgiladi. 

Meri Kolvin va fransiyalik fotosuratchi Remi Oshlik 2012 yilda Xoms shahrining artilleriya qurolidan o‘qqa tutilishi vaqtida halok bo‘lgan. Kolvin oilasi 2016 yilda Vashington sudiga Suriya hukumati ustidan shikoyat qilib, uni jurnalistni qasddan o‘ldirishda ayblagan. Da'vo arizasiga ko‘ra, Suriya hukumati Kolvin va boshqa jurnalistlar yashab, faoliyat yuritgan studiyani ataylab o‘qqa tutgan.

Sudya Emi Berman Jyekson ayol jurnalist artilleriya zarbasi uchun atayin nishon sifatida tanlangani haqida qaror chiqargan. Sudya qarorida Kolvinning o‘limi xarakteri va boshqa sud holatlariga asoslanib, qurbonlar yaqinlari uchun belgilangan odatdagi tovon pulini 2 martaga, ya'ni 302 mln dollargacha oshirishi aytilgan.   

Avvalroq Suriya prezidenti Bashar Asad Kolvin mamlakatga noqonuniy kelganini, uning o‘limi esa tasodif bo‘lganini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid