Jamiyat | 20:50 / 15.06.2017
14084
2 daqiqa o‘qiladi

“Staryye veshchi pokupayem”dan ehtiyot bo‘ling – taqinchoqlaringizga “dam solib qo‘yadi”

Olmazor tumanida 11 iyun kuni soat 14:30da, ToshTI dahasida yashovchi T.S. "102" raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. U yashash manziliga osiyo millatiga mansub, 1 nafar noma'lum erkak va 1 nafar noma'lum ayol kishi kelib, "pastki qavatda yashovchi qo‘shningizmiz, suv toshirib yubordingiz" deb, xonadonga kirib olgani hamda turmush o‘rtog‘i, shu manzilda yashovchi T.N.ning bo‘yniga noma'lum jismni tirab, og‘zini qo‘li bilan yopib, uyidagi shkafdan  jami 5.000.000 so‘mlik 9 xil turdagi qimmatbaho taqinchoqlarni olib ketganligi to‘g‘risida xabar bergan. 

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida T.N. turmush o‘rtog‘idan qo‘rqib, shu xabarni o‘ylab topgani ma'lum bo‘lgan. Aslida faqatgina bir nafar shaxsi noma'lum ayol «eski buyum va narsalarni olamiz», degan vaj bilan T.N. uyning eshigini ochganidan so‘ng, uning “farzandlari yomon kasal bo‘lishini, buning oldini olish, kelayotgan balolarni qaytarish lozim”ligini aytib, uni aldagan. Jabrdiydaning ishonuvchanligidan foydalangan firibgar eski narsalardan tashqari tilla taqinchoqlari bo‘lsa, ularga “dam solib qo‘yishi”ni aytgan. T.N.dan 5 mln so‘mlik 9 xil turdagi qimmatbaho taqinchoqlarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. 

Ushbu aniqlangan holat yuzasidan 2017 yil 11 iyun kuni olmazor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid