Navoiyshunos va adib Akrom Malik «Ilhom» mukofoti tanlovida g‘olib bo‘ldi. U «Spark» bilan taqdirlandi
Adiblar xiyobonida «Katta adabiyot bayrami» haftaligi doirasida «Ilhom» mukofoti respublika tanlovining sovrindorlarini aniqlash va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tanlov adiblar hayoti hamda ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida OTMda tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, tanlovda 1-o‘ringa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2-bosqich magistranti Akrom Malikov munosib topilgan. U «Spark» avtomobili bilan taqdirlangan.
2-o‘ringa Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi loyiq ko‘rilib, ularga 30 million so‘m pul mukofoti topshirilgan.
3-o‘rinni Farg‘ona davlat universiteti talabasi Qobiljon Shermatov hamda Qoraqalpoq davlat universiteti tayanch doktoranti Malika Palimbetova qo‘lga kiritgan. Ularning har biriga 15 million so‘mdan pul mukofotlari taqdim etilgan.
Bundan tashqari, yana olti nafar yoshlarga rag‘batlantiruvchi mukofot sifatida qimmatbaho sovg‘alar berilgan. Shuningdek, tanlov g‘oliblariga maxsus diplom va statuetkalar topshirilgan.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov hamda bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev topshirgan.
Ma'lumot uchun, Akrom Malik 2016 yilning iyul oyida MXX tomonidan qamoqqa olingan, Jinoyat kodeksining 159-moddasi (konstitutsion tuzumga tajovuz) hamda 244-moddasi (jamoat xavfsizligiga tahdid) bilan ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U 2020 yil 27 avgust kuni ozodlikka chiqqan. Akrom Malik yoshlar orasida eng kuchli navoiyshunos tadqiqotchilardan biri hisoblanadi.