Jamiyat | 13:29 / 12.04.2021
46915
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda maktab o‘quvchisi bo‘lgan qizning jasadi kanaldan topildi. Uni kelinoyisi suvga itarib yuborgani gumon qilinmoqda

Namanganda maktab o‘quvchisi bo‘lgan qizning jasadi kanaldan topildi. Uning 22 yoshli kelinoyisi qotillikda gumon qilinmoqda.

2021 yil 5 aprel kuni soat 19:00larda Namangan shahar, “Sohil” MFY, Bodomzor ko‘chasida yashovchi fuqaro tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda Namangan viloyat prokuraturasi.

Fuqaro Chortoq tumani, “Bag‘rikenglik” MFY, Olmazor ko‘chasi, 88-uyda onasi qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetmagan qizi shu kuni ertalab Chortoq tuman XTBga qarashli 47-sonli umumta'lim maktabiga ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolganini ma'lum qilib, qizini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, voyaga yetmagan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng, qizning shubhali bedarak yo‘qolishida uni qotillik jinoyati qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini nazarda tutib, 6 aprel kuni tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, 6 aprel kuni voyaga yetmagan fuqaroning jasadi Namangan shahar, “Sherbuloq” MFY, Sherbuloq ko‘chasidan oqib o‘tgan “Katta Namangan” kanali ustidan o‘tgan ko‘prik ostining suv oqimi past bo‘lgan qismidan tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, voyaga yetmagan fuqaroni 5 aprel kuni soat 10:30larda kelinoyisi, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro maktabdan olib chiqib ketgani va Chortoq tumani, “A.Navoiy” MFY, M.Ulug‘bek ko‘chasidan oqib o‘tgan “Katta Namangan kanali”ga olib borib, suvga itarib yuborgani aniqlangan.

Shunga ko‘ra, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro 6 aprel kuni jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Mavzuga oid