1986 yilda Fransiyaning Reno avtomobilsozlik kompaniyasi bosh direktorini o‘ldirib ketishadi. Keyinchalik bu suiqasdda fransuzlarning anarxo-kommunistik radikal guruhi ayblanadi. Boshqa tomondan esa direktorning o‘limi eronliklardan ko‘riladi.

1977 yilda Fransiyada “To‘g‘ri harakat” radikal tashkiloti tuziladi. Uning tarafdorlari anarxo-kommunistlar bo‘lib, ular SSSRdagi “hamma teng” deb olib boriladigan targ‘ibotiga ergashib, Fransiyada ham shunday jamiyat qurish tarafdorlari bo‘lgan.

Ular barcha oldi-berdi va savdo aloqalari erkin bozor munosabatlariga asoslangan holda yuritilishiga qarshi bo‘lgan. Boylarni, o‘ziga to‘qlarni va ularni qo‘llayotgan hukumatni yomon ko‘rishgan.

Harakat tashkil etilgandan so‘ng ular radikal yo‘l bilan hokimiyatga qarshi kurash boshlaydi va taniqli boylarga suiqasd uyushtirishga o‘tishadi.

Jumladan:

  • 1979 yil 1 may kuni Fransiya tadbirkorlari davlat kasaba uyushmasiga qurolli hujum;
  • 1980 yil 16 mart kuni Fransiya hududlari nazorati boshqarmasi binosida portlash;
  • 1980 yil 28 avgustda Crédit Lyonnais bankida o‘g‘irlik;
  • 1980 yil 6 dekabr kuni Parij-Orli aeroportida bomba portlatiladi;
  • 1983 yil 30 sentabrda Marselda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmada portlash;
  • 1985 yil 25 yanvarda armiya generali Rane Odranga suiqasd (Bu general Eron-Iroq urushi davrida Saddam Husaynga qurol-yarog‘ yetkazib berishda bosh-qosh bo‘lgandi);
  • 1985 yil 8 avgustda Germaniyaning Visband shahri yaqinidagi AQSh harbiy bazasida avtomobil portlatish (oqibatda 3 kishi halok bo‘ladi, 220 kishi jarohatlanadi);
  • 1986 yil 17 noyabr kuni Reno kompaniyasi bosh direktori Jorj Bessga suiqasd uyushtiriladi.
Radikallar o‘ldirgan general Rane Odran

Anarxist-kommunistlar harakatining paydo bo‘lishi

1960-yillarda Yevropa yoshlari orasida AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi bo‘lganlar soni ko‘payib boradi.

Shuningdek, ular erkin bozor munosabatlariga asoslangan kapitalistik tizimga ham qarshi bo‘ladi. Anarxist-kommunistlarga ko‘ra dunyoda kimlarningdir zo‘r yashashi, boshqalarning non topa olmay och yurishi bu adolatsizlik edi.