O‘zbekiston | 17:43 / 17.06.2023
14192
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston rivojlanishning qay bosqichida: tashqi siyosat, qishloq xo‘jaligi va jamiyatdagi g‘oyasizlik (2-qism)

O‘zbekiston o‘z tarixidagi 7-prezidentlik saylovi arafasida turibdi. Xo‘sh, bu siyosiy jarayon mamlakat rivojlanishining qaysi tarixiy bosqichida ro‘y bermoqda? Kun.uz muxbiri yaqin siyosiy o‘tmish va bugungi status-kvo haqidagi turkum intervyularini davom ettiradi.

Turkumning bu galgi sonida mamlakat qishloq xo‘jaligi, O‘zbekiston yuritayotgan tashqi siyosat va jamiyatni birlashtiruvchi xalqchil g‘oyalar zarurati haqida so‘z bordi.

Intervyu mehmonlari – qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov, yozuvchi Nazar Eshonqul va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

— O‘tgan 32 yil davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi qanday o‘zgarishlarni boshdan kechirdi va o‘zgarishlar qanday strategiya asosiga bo‘ldi? Nega bugungi kungacha O‘zbekistonda yer haqiqiy egasini topgani yo‘q, sohani sanoatlashtirish nega kechikyapti-yu, nega imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti?

Usmon Norqulov:

— Mustaqillikdan keyin qishloq xo‘jaligi boshqacha shaklda rivojlana boshladi. Sobiq ittifoq davrida butkul boshqa bir ko‘rinishda edi va asosiy yo‘nalish paxta yetishtirish edi. Mustaqillikdan so‘ng bu jarayonlarni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Chunki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish juda kam edi, tuproq unumdorligi tusha boshlagandi. U davrda faqat paxta ekildi, haddan tashqari ko‘p o‘g‘it berildi, almashlab ekish izdan chiqdi. Ayni inqiroz paytida mustaqillik bo‘ldi. 1994-95-yillargacha ham o‘sha eski tizimdan foydalandik. 1997 yildan fermer xo‘jaligiga o‘ta boshladi, 1998 yildan fermer va dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risida qonun ishlab chiqila boshladi. Eski tizimdan yangisiga o‘tish ko‘p vaqt talab qildi. Hukumatda ham, olimlarda ham tajriba yo‘q edi bu borada. Qay tartibda bo‘lib, qanday tashkil etish masalalari bor edi. Dastlab tanlov asosida berildi yerlar, ya’ni bilimi, tajribasi va texnik imkoniyatlari inobatga olingan.

Usmon Norqulov

2008 yildan boshlab fermerlarning yeri kengaya boshladi, chunki kichik-kichik yerlar qator muammolarni keltirib chiqardi (suv, texnika, ishchi kuchidan foydalanish). Bizdagi sug‘orish tizimlari shundayki, ularni bo‘lib tashlab bo‘lmaydi.

2014-15-yillardan boshlab fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqlilashtirish boshlandi. Oldin ixtisoslashtirilgan edi. Bu vaqtdan boshlab esa qayta ishlash, qo‘shimcha daromad beruvchi yondosh sohani rivojlantirish kabi masalalar qo‘yildi. Shuning natijasida hozir ko‘p fermer xo‘jaliklar ko‘p tarmoqli.

Fermerlarning yerlari kengaytirildi. Bundan tashqari kichik yer egalari bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari paydo bo‘ldi. Shaxsiy tomorqalar ham ko‘paydi. Tomorqasi bo‘lgan aholi o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlashi ham muammoga bir qadar yechim edi.

— Siz hozir sohaning o‘tgan davriga ijobiy baho beryapsiz. Ammo ba’zi ekspertlar fikricha, bu soha o‘tgan yillar davomida aniq bir tizim asosida shakllanmadi. Masalan, yerga egalik shakli juda tez o‘zgarmoqda yoki uni dehqonlarga bo‘lib berganda hozirgidan ko‘ra samaraliroq natijalarga erishish mumkin edi xuddi rivojlangan Xitoyda yoki qo‘shni Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi.

Usmon Norqulov:

 — O‘zini oqlamayapti deyish qiyin. Tartibsizlik,belgilangan maqsadlarga erisholmaslik bor, to‘g‘ri. Lekin muhimi shundaki, qishloq xo‘jaligi sohasi to‘xtab qolgani yo‘q. Mahsulotlar yetishtirilyapti, ishlab chiqarish paydo bo‘lyapti. Ammo ayrim kamchilik bor.

Kichik fermer xo‘jaliklarini bo‘lganda, qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish, samaradorlik darajasi tushib ketadi. Kichik fermer xo‘jaliklarining qurbi xam yetmaydi texnika xarid qilishga. Hozirgi holatda juda yaxshi bo‘lib ketmayotganiga sabab ichki masalalar deb o‘ylayman.

— Kamoliddin aka, O‘zbekiston tashqi siyosati mamlakat konstitutsiyasi, tashqi siyosat konsepsiyasi yoki ma’lum shaxslarning vaziyat taqozosi bilan ko‘radigan choralariga ko‘ra yuritiladi. Bu siyosat davlatlarning suveren tengligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va neytrallikka asoslanishi aytiladi.

Ha, bir qaraganda u qandaydir jozibalidek ko‘rinishi mumkin, lekin ba’zida noqulayliklar keltirgan vaqtlar ham bor. Masalan, BMTdagi ovoz berish jarayonlaridagi pozitsiyamiz yoki Shavkat Mirziyoyevni o‘zi aytganidek, qator katta davlatlar undan yo u tomon yo bu tomonga o‘tishni so‘ragani. Siyosatshunos sifatida O‘zbekiston tashqi siyosatida shakllangan bugungi pozitsiyasiga qanday baho berasiz?

Kamoliddin Rabbimov:

— Hozirgi tashqi tafakkurini tahlil qilish uchun birinchi ma’muriyat davrida qanday edi, degan savolga javob berish kerak oldin. O‘zbekiston birinchi ma’muriyat davrida tashqi siyosatda dixotomiya bor edi (bir tomonga yon bosish, bo‘linish). Masalan, 90-yillarning boshida O‘zbekiston Turkiyaga yo‘nalish oldi tashqi siyosatda, 1993-94-yillardan Turkiyadan sovish boshlanib, 90-yillar o‘rtalaridan AQShga yuzlanildi. Lekin bu narsa ichki siyosatda o‘z aksini topmadi, ya’ni inson huquqlari, demokratiya tomondan o‘zgarish bo‘lmadi. Avtoritar bo‘lib qoldi. Lekin tashqi siyosatda NATO bilan bir nechta loyihalarda ishtirok etdi, G‘arb bilan yaqinlashish kuchli davom etdi. 2003 yildan possovet davlarida rangli inqiloblar boshlanishi natijasida 2004 yildan G‘arbga bo‘lgan munosabatlar soviy boshladi. Ya’ni O‘zbekiston birinchi ma’muriyat davrida qaysidir qudratli davlatga yo‘nalish olardi va o‘sha davlatning dushmanlari bilan ham munosabatlar sovir edi. AQShga yaqinlik paytida kim bizga dushmanlik qilsa, Vashingtonga ham bo‘ladi, deyilgandi, Rossiyaga yaqinlik paytida ham xuddi shu ma’nodagi so‘zlar yangragandi.

Kamoliddin Rabbimov

2004 yildagi sovish 2005 yil Andijon voqealari bilan mantiqiy yakuniga yetdi va 2005-2009-yillar oralig‘ida O‘zbekiston o‘z muammolari bilan yopildi tashqi siyosatda. 2009 yildan 2016 yilga qadar tashqi siyosatda ihotalanish davri bo‘ldi. Tashqi dunyoda xech kimga ergashilmadi va uning tashabbuslari qadrsizlangan edi.

2016 yildan keyingi tashqi siyosatni shartli ravishda ko‘p vektorli siyosat deyish mumkin. Bugungi kunda O‘zbekiston Moskva, Vashington, Islomobod, Anqara, Bryussel, Pekin — barchasiga imkon qadar ijobiy munosabat shakllantiryapti. Ular o‘rtasidagi munosabatlarga O‘zbekiston arlashmayapti. Bugunda Vashington va Moskva, Pekin va Vashington o‘rtasida kuchli ziddiyat bor. O‘zbekiston «Tashqi siyosatdagi muammo — o‘zingizniki. Bizning tashqi siyosat o‘zimizning manfaatlar uchun» degan munosabat bildiryapti. O‘tgan 6 yilda O‘zbekiston o‘zining aynan bitta vektorini tanlagani yo‘q. Prezidentning katta davlatlar tanla deyapti, lekin xalq manfaatini tanlaymiz, deyishi yaxshi. Ya’ni O‘zbekistonning o‘z manfaatlari bor.

Rossiya o‘ta xavfli davlat bo‘lsa-da, O‘zbekiston juda yaqin hamkor. Possovet hududi bo‘lgan Markaziy Osiyoga bosimlarni san’at darajasiga olib chiqqan Rossiya. Xalq irodasidan kelib chiqib tashqi siyosat bo‘lishi kerak, deyilganda, fundamental ziddiyat bor. Agar ayni paytda davlat xalqdan qaysi davlatga yaqin bo‘lish haqida so‘rasa, ko‘pchilik Rossiyani aytadi. O‘zbekiston ichida mustaqil bo‘lgan OAV yarata olmadik, shuning uchun Rossiyaga bo‘lgan iliq, AQShga bo‘lgan sovuq munosabat sog‘lom shakllangan emas. Xalq irodasi muhim bo‘lsa, biz rossiyaparast siyosat qilishimiz kerak, chunki xalq Rossiya axborot maydonida qolib ketgan. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda nisbatan bu axborot maydonidan chiqish bor, lekin ziddiyatli hali ham. Qozog‘istonda Rossiyaga nisbatan immunitet bor hukumat darajasida ham, jamiyatda ham. Bizda esa yo‘q, chunki mustaqil kanallar mavjudmas. Kun.uz, Qalampir.uz kabi axborot portallari butun jamiyat fikrini to‘liq shakllantirishga qiynalyapti. Chunki televideniye baribir ustun turadi xalqqa ta’sir qilishda. Qozog‘istonda esa mustaqil televideniyelar, senzuradan xoli.

Bu yerda xalq irodasi emas, O‘zbekistonning mustaqillik, suverenitet qadriyati ham bor. Shundan kelib chiqib tashqi siyosat yuritsak, mutlaq xalq irodasiga teskari siyosat bo‘lishi kerak. Xalq Rossiya tomonidan manipulyatsiya qilinyapti.

Nazar Eshonqul

Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng katta davlat — O‘zbekiston. Va aynan O‘zbekiston Rossiyaga nisbatan ehtiyotkor siyosat olib boryapti. Eng katta ta’sir hududida bo‘lgan davlat esa Qozog‘iston. Lekin shunga qaramasdan Qozog‘iston hokimiyati Rossiya tashabbuslariga yo‘q deya olyapti.

Rossiyaning 2 ta katta loyihasi bor. Biri Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti. Bu shartnomaga kirilsa, o‘sha davlatning harbiy xavfsizlik tizimi Rossiya qo‘liga o‘tadi. O‘zbekiston bu shartnomadan chiqib ketgan. Konstitutsiyada ham O‘zbekiston harbiy bloklarga kirmasligi belgilangan. Lekin O‘zbekiston sharqona avtoritar davlat. Biz Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘q demaymiz, vaqtni cho‘zamiz, vaziyatni kutamiz, bu esa aslida yo‘q degani. Bugungi rasmiy Toshkentning maqsadi — YeOIIga kirishga vaqtni cho‘zib borib yo‘q deyish. O‘zbekiston hukumati Rossiyaga nisbatan shuncha sanksiyalar bo‘lib turgan vaziyatda bu ittifoqqa kirmasa kerak, menimcha. Ukraina urushidan oldin Rossiya uchun bu ittifoq iqtisodiy yutish uchun edi, endi esa «tirik qolish» imkoniyati. Oktabr oyiga borib O‘zbekistonning ittifoqdagi faolligi oshadi, degan gaplar ham bor, bu degani Rossiya tomondan bosim bo‘lyapti. Rossiya uchun ittifoqning ahamiyati oshdi hozirgi holatda.

Markaziy Osiyoda barcha davlatlar avtoritar. Shuning uchun ham baralla yo‘q deya olmaydi hukumat, demokratik tizimlar shunday deya oladi. Tashqi siyosat ham ichki siyosatning davomi. Demokratik institutlar yaxshi ishlamasligi oqibatida Rossiyaga yon berish bor.

·       Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid