O‘zbekiston | 23:10 / 12.10.2023
11429
6 daqiqa o‘qiladi

Aralash saylov tizimi: bu – O‘zbekistonda partiyalar o‘rtasidagi raqobatni paydo qila oladimi?

O‘zbekiston saylov tizimi o‘zgarishi mumkin. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatligi uchun saylovlarni aralash (majoritar va proporsional) tizim asosida o‘tkazish taklif etilmoqda.

Kun.uz muxbiri 10 oktyabr kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘inida muhokama qilingan ushbu masala yuzasidan tahliliy suhbat tashkil qildi. Suhbat mehmonlari siyosiy tahlilchilar – Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bo‘ldi.

— Doniyor aka, yuqorida aytganim Qonunchilik palatasining 10 oktyabr kungi yig‘ilishida siz ham qatnashdingiz. Keling, birinchi navbatda o‘sha yig‘ilishda ko‘rilgan masala – saylov va referendum o‘tkazishda kutilayotgan asosiy o‘zgarishlar nimadan iborat bo‘layotgani haqida juda qisqacha qilib ma’lumot bersangiz? Sharh, izoh shart emas, faqat o‘zgarishlar haqida.

Doniyor G‘aniyev:

— Shu kunlarda O‘zbekistonda saylov tizimi islohotiga bag‘ishlangan katta loyiha muhokamasi boshlandi. O‘tgan kungi yalpi yig‘ilishda birinchi o‘qilish muhokama qilindi va deputatlar tomonidan tasdiqlanib, 10 oktyabrdan 24 oktyabrgacha keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Bu loyiha konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘lib, bir nechta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Jumladan, “Saylov to‘g‘risida”gi, “Referendum to‘g‘risida”gi, “Oliy Majlis qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi, “Senat to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga. Bularning ichida Markaziy saylov komissiyasining ishlash mexanizmi, saylov komissiyalari tuzilishi va ularning vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritilyapti. Eng asosiy o‘zgarish Qonunchilik palatasiga bo‘ladigan saylov tizimini o‘zgartirish borasida bo‘ladi. Jumladan, amalda Qonunchilik palatasiga 150 ta deputat har bir okrugdan majoritar yo‘l bilan saylanadi. Endi 75 okrug bo‘lyapti. Va barcha 75 ta okrug bitta bo‘lib partiyalarga ovoz berish amaliyoti ham joriy qilinyapti. Bunda saylovchi shaxsga emas, partiyaga ovoz beradi.

Amaldagi tartibda mutlaq eng ko‘p ovoz olgan deputat saylanar edi. Juda ko‘p muammolar bo‘lardi bunda. Qayta saylov bo‘lmasligi, ovoragarchilikdan qochib, saylov qoidalarini buzib ko‘proq ovoz olgan nomzodga ovoz qo‘shish holatlari bo‘lardi. Endi mutlaq ko‘pchilik emas, nisbatan ko‘pchilik ovoz bersa, yetarli bo‘ladi saylanishga. Saylov jarayonlarini osonlashtiradi bu.

— Farhod aka, ma’lum bo‘ldiki, kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlardan biri – bu Qonunchilik palatasiga saylovlarning aralash tizimga, ya’ni ham majoritar va ham proporsional tizimga o‘tkazilishi bo‘lmoqda. Bu tizimning plyus va minuslari haqida gaplashishdan avval o‘quvchiga qisqa va sodda qilib shu tizimlar o‘zi nima ekani haqida ma’lumot bersangiz?

Farhod Tolipov:

— Bugungi kunda saylovlarning proporsional yoki majoritar tizimda bo‘lishi borasida turli akademik doiralarda ham keng muhokamalar ketmoqda. Deputatlarning mutlaq va nisbatan ustunlik evaziga saylanishi bo‘yicha ham muhokamalar bor. Saylov tizimlari demokratik davlatlarda rivojlanib kelyapti, lekin haligacha buning ustida muhokamalar, debatlar tingani yo‘q. Bilasizmi, insonlarda siyosiy tafakkur va siyosiy faollik o‘zgarib boraveradi, shuning ortidan tizimlarni takomillashtirish ehtiyoji ham paydo bo‘laveradi. Bizda ham shunday vaqt kelgandir.

Majoritar tizim shundayki, unda saylovchilar tomonidan eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar parlamentga saylanadi. Bizda amaldagi saylov tizimi majoritar tizim hisoblanadi. Har bir davlatda saylov tizimlari va saylov strukturasi fuqarolarning siyosiy faolligi, tarixiy omillarga ko‘ra tanlanadi. Eng rivojlangan demokratik davlatlarda ham saylov tizimlari bir xil emas.

Proporsional saylovda esa partiyalar va ularning g‘oyalari musobaqaga kirishadi va saylovchilar ham partiyalarga ovoz beradi. Saylovchilar partiyalarning dasturlari, targ‘ibotiga ko‘ra ovoz tanlashadi. Partiya tomonidan tanlangan nomzodlar berilgan ovozlarga qarab parlamentga yuboriladi.

— Majoritar va proporsional tizimlar: farqlari, afzallik va kamchiliklari qanday, dunyo davlatlari bu tizimlarning qaysi biriga ko‘proq murojaat qiladi?

Kamoliddin Rabbimov:

— Men o‘z chiqishlarimda doim aytamanki, O‘zbekistonda saylovlarning proporsional tizimiga o‘tish kerak. Shunda partiyalar ham g‘oyaviy, ham mafkuraviy jihatdan kuchayadi.

Deylik, men saylovga borganimda 5 ta partiya ro‘yxati bo‘ladi saylash uchun. Va men bitta partiyani tanlab ovoz beraman. Partiyalar o‘z reputatsiyasini yaxshiroq ko‘rsatish orqali ovoz oladi, shuning uchun partiyalar o‘z dasturlari va imiji ustida kuchli ishlaydi. Partiya tepasidagi odamlarni ham xalq taniydiganlardan tanlashga harakat qilishadi, bu esa partiyalarni kuchaytiradi.

Aralash tizim ko‘plab davlatlarda mavjud. Majoritar tizimda bir shaxs saylanar ekan, bu ham avtoritar ko‘rinishda bo‘ladi. Jamiyat bu jarayonlarga bee’tiborligiga sabab saylovga, parlamentga va partiyalarga ishonch biz kutganday yuqori emas.

·       Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid

E`lonlar