Jahon | 18:24 / 29.04.2026
11679
3 daqiqa o‘qiladi

Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorlikda gumonlanmoqda

Uning o‘zi aybdor emasligi va oqlanishiga shubha qilmasligini aytib, o‘z tarafdorlarini tinchlanishga chaqirgan.

Foto: gov.kg

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ)ning sobiq raisi Qamchibek Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha jinoiy ishda figurantga aylanganini ma’lum qildi.

«Menga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan bayonot berish muhim, deb hisoblayman. Bu ish bo‘yicha to‘liq yuridik himoyalanish imkoniyatiga egaman, aybim yo‘q, oqlanaman», – degan u.

Tashiyev o‘z tarafdorlariga yuzlanib, «barchasi qonun doirasida bo‘lishi lozimligi»ni qayd etgan: «Biror-bir ommaviy yoki boshqacha harakatlarga ehtiyoj yo‘q deb hisoblayman. Sizlardan men uchun qayg‘urmaslikni va xavotir olmaslikni so‘rayman», – deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq 24.kg nashri advokatlarga asoslanib, Tashiyev, shuningdek, sobiq bosh prokuror (2022-2024) Kurmankul Zulushev va parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uulu Ichki ishlar vazirligi bosh tergov boshqarmasida so‘roq qilingani haqida xabar tarqatgandi. Ular davlat to‘ntarishiga urinishda gumonlanayotgani aytilgan.

Qamchibek Tashiyev 2020 yil oktyabridan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, 2026 yil 10 fevral kuni mamlakat prezidenti Sadir Japarov uni lavozimidan ozod etgan. Bu iste’fo qator jamoat arboblari va siyosatchilar mamlakat prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishi ortidan ro‘y bergandi. O‘shanda tegishli murojaatni 75 kishi imzolagan. Keyinroq ulardan besh nafari qo‘lga olinadi.

Prezident o‘z qarorini jamiyatdagi bo‘linishning oldini olish istagi bilan izohlagan. Unga ko‘ra, nizo parlamentda chiqqan: u yerda deputatlarni taraflarga ajratish, «general» bilan qo‘rqitish, keyin esa muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish uchun imzo to‘plash boshlangan.

Tashiyevning iste’fosi ortidan hukumatda ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, Favqulodda vaziyatlar vaziri, Tabiiy resurslar va ekologiya vaziri, sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek, Vazirlar mahkamasi raisining ikki o‘rinbosari ishdan ketdi. Parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uulu esa avvaliga lavozimini tark etdi, keyinroq deputatlik mandatini ham topshirdi.

Aprel oyi o‘rtalarida Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi sobiq o‘rinbosarlari Timur Shabdanbekov va Daniel Risaliyev qo‘lga olindi. Ular mansab vakolatini suiiste’mol qilish va korrupsiyada gumonlanmoqda. Har ikki mulozim Tashiyev ishdan bo‘shatilganidan so‘ng o‘z lavozimini tark etgandi.

28 aprel kuni Sadir Japarov Kaktus.media uchun bergan intervyusida Tashiyevning davlat to‘ntarishiga urinishga aloqasi bor yoki yo‘qligini tergov va sud belgilashini aytib o‘tdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid