Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Madagaskarda polkovnik davlat to‘ntarishidan so‘ng prezident bo‘ldi
Madagaskar konstitutsiyaviy sudi Maykl Randrianirinani muvaqqat prezident sifatida qasamyodga keltirdi. Polkovnik o‘n sakkiz oydan keyin islohotlar va saylovlar o‘tkazilishini va’da qildi.
Foto: Brian Inganga/AP Photo/picture alliance
51 yoshli polkovnik Maykl Randrianirina harbiy to‘ntarishdan bir necha kun o‘tib Madagaskarning yangi prezidenti bo‘ldi. 17 oktyabr, juma kuni mamlakat konstitutsiyaviy sudi Randrianirinani «respublika tiklanishi» uchun o‘tish davri prezidenti sifatida qasamyodga keltirdi. Isyonchi polkovnikning Capsat maxsus bo‘linmasi 14 oktyabr kuni Madagaskarda hokimiyatni egallab olganini e’lon qildi.
Randrianirina 60 kun haqidagi sud talabini rad etib, 18-24 oy ichida saylovlarni o‘tkazishga va’da berdi. Uning ta’kidlashicha, fuqarolik boshqaruviga qaytishdan oldin mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilishi kerak.
Maykl Randrianirina inauguratsiya nutqi chog‘ida fuqarolik kiyimida bo‘lib, vaziyatni «tarixiy burilish» deb atadi va dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga yechim izlayotgan yoshlarning talablarini qondirishga va’da berdi. Inauguratsiya marosimida Germaniya, Fransiya, AQSh, Xitoy va Rossiyadan yuqori martabali harbiylar, siyosatchilar, yoshlar tashkilotlari vakillari, diplomatlar ishtirok etdi.
Madagaskarning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Andri Radzuelina ommaviy namoyishlar ortidan mamlakatni tark etdi va parlament tomonidan hokimiyatdan chetlashtirildi. OAV xabarlariga ko‘ra, u hozir Dubayda. Uning vakillari Radzuelina qonuniy davlat rahbari bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda. Uning o‘zi 2009 yilda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga kelgan va 2019 yildan beri Madagaskarni boshqargan.
Mavzuga oid
21:39 / 14.10.2025
Madagaskarda prezident ag‘darildi. U mamlakatdan qochib ketdi
20:23 / 12.10.2025
Madagaskarda harbiy to‘ntarishga urinish amalga oshirildi
22:06 / 26.08.2025
Fransiya bir asr oldin qatl etilgan qirolning bosh suyagini Madagaskarga qaytardi
09:35 / 30.01.2022