O‘zbekiston | 07:30 / 13.08.2020
69151
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlarida xizmat mashinalaridan foydalanish tizimi o‘zgaradi - Prezident qarori loyihasi

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimi takomillashtiriladi.

Prezidentning “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Belgilanishicha, xizmat avtotransportlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan:

davlat hokimiyati va respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida birinchi rahbarlar hamda ularning o‘rinbosarlariga;

vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralar huzuridagi davlat organlarida hamda davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.

Quyidagilar:

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini klassiga qarab biriktirish normativlari;

Xizmat avtotransportlarining yo‘l bosish yillik limiti va ulardan foydalanish normativlari tasdiqlanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini:

a) yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransportlar bundan mustasno). Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim;

b) O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda;

Qoraqalpog‘iston Respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan – tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda tegishli budjetlardan ajratilgan mablag‘lar doirasida sotib olinadi yoki ijara bo‘yicha jalb etiladi, shuningdek, xizmat avtotransportlarini sotish faqat “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

 

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari:

 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda markaziy apparati va tizim tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtotransportlarini bir oy muddatda xatlovdan o‘tkazadi;

xatlov natijalari bo‘yicha belgilangan normativlardan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlarining ro‘yxatini tasdiqlaydi;

2021 yil 1 yanvarga qadar tasdiqlangan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransportlarini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolarda sotilishini ta'minlaydi;

xizmat avtotransportlarini sotishdan tushgan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar respublika budjetiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan tashkilotlar tegishli mahalliy budjetlarga yo‘naltiradi;

xizmat avtotransportlarining belgilangan yo‘l bosish yillik limitlariga qat'iy amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali xizmat avtotransportlarini sun'iy yo‘ldosh kuzatish tizimidan (GPS navigator) foydalanib nazorat qilish;

tashkilotlar kesimida xizmat avtotransportlari soni, yo‘l bosish yillik limitining belgilangan me'yorlarga muvofiqligini, yonilg‘i sarfi, avtomobil markasi va ishlab chiqarilgan yili hisobini yuritish imkoniyatini beruvchi dasturiy ta'minot ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi;

b) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarining soni, yo‘l bosish yillik limitining belgilangan me'yorlarga muvofiqligini doimiy monitoring qilib boradi hamda uning natijalarini har chorak yakuni bo‘yicha o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi;

v) davlat organlaridagi xizmat avtotransportlarining hisobi va monitoringini yuritish, dasturiy ta'minotni amaliyotga joriy etish va monitoring natijalari yuzasidan hisobotlarni tayyorlash maqsadida vazirlikning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida 3 ta shtat birligidan iborat bo‘lim tashkil etadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat hokimiyati (mahalliy davlat hokimiyati organlari bundan mustasno) va respublika davlat boshqaruvi organlarida:

xizmat maqsadlarida, shu jumladan xorijiy delegatsiyalar va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa maxsus transport vositalari xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi. Bunda, ushbu organlar tomonidan avtobus, taksi va boshqa maxsus transport vositalari xizmatlarini jalb etish davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

xizmat avtotransportlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan davlat organining nomi aks ettirilgan maxsus emblema (gologramma) bilan jihozlanadi;

xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy ta'minotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar aholiga xizmat avtotransportlaridan xizmat maqsadlarida foydalanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus veb-portalni yaratadi hamda har bir xabar berilgan holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish tizimini joriy etadi.

Mavzuga oid