Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Qashqadaryoda ish beruvchilar va ishchilarning qo‘nimsizligi eng katta muammo” – Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarga ko‘maklashuvchi “Business port” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Platforma orqali kichik va o‘rta biznes vakillariga amaliy yordam berish, mavjud muammolarga yechim topish rejalashtirilmoqda. Vahobovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha JSTga qo‘shilishdan oldin tadbirkorlarga foydali bo‘lishi mumkin.
21 oktyabr kuni Savdo-sanoat palatasi Toshkentda yangi “Business port” loyihasining ilk tadbirini o‘tkazdi. Tashabbuskorlarining so‘zlariga ko‘ra, platforma kichik va o‘rta biznes vakillarining tajriba almashishiga va hamkorlik qilishiga ko‘maklashadi. Xususan, tadbirkorlarga huquqiy, moliyaviy, intellektual mulk, xalqaro munosabatlar, kadrlar siyosati, raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda maslahatlar berilishi va muammolarga yechim topilishi kutilmoqda.
Loyihaning ilk tadbirida minglab ishchi o‘rinlari yaratgan 250 dan ortiq tadbirkorlar yig‘ildi. “Business port” vakili Shoxruh Nizomiddinovning so‘zlariga ko‘ra, platforma biznes egalari uchun maslahat joyi bo‘ladi.


“O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyati yo‘q, shu uchun o‘zimizning biznes portimizni yaratdik, tadbirkorlar bunga qiziqadi”, - deydi FCB agentligining boshqaruvchi hamkori Nizomiddinov. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu loyiha 2 ta asosiy maqsadni ko‘zlagan.
“Birinchi vazifa – Jahon Savdo tashkilotiga kirish arafasida mahalliy korxonalarni xalqaro kirib keladigan brendlarga, korxonalarga qarshi raqobatbardosh qilish. Ikkinchi maqsad — mahalliy korxonalarning eksportga chiqaradigan xizmatlari va mahsulotini kuchaytirish (sifat va hajm nazarda tutilyapti). Buni faqat brend qurish va to‘g‘ri narx siyosati va boshqa omillar orqali qilsa bo‘ladi. Shuning uchun “Business port” bir hub bo‘ldi. Tadbirkorlarga yo‘nalishiga qaramay yordam beradi”, - deydi Nizomiddinov.


Loyiha vakilining qayd etishicha, ayni paytda marketing, reklama yo‘nalishlarida deyarli muammolar yo‘q.
“Oxirgi 7-8 yilni oladigan bo‘lsak, faqat rivojlanish va bozor ochilyapti. Har yiliga 30-40 foizga oshish bo‘lyapti. Qaytaga bizga Rossiya, Ukraina, Belarusdan agentliklar kirib kelib, biz bilan raqobatchilik qilishmoqchi. Albatta, biz raqobatga har doim tayyormiz”, - deydi FCB agentligining boshqaruvchi hamkori Shoxruh Nizomiddinov.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning aytishicha, loyiha orqali xalqaro va mahalliy ko‘rgazmalarda ishtirok etish va manfaatli ishlash imkoniyatlari ham kengayadi.


Kun.uz muxbiri palata raisidan platforma orqali qanday muammolarni hal qilish rejalashtirilgani haqida so‘radi.
“Biz hozir ularga (tadbirkorlar) savolnoma berdik. Savolnomada kimda qanaqa muammolar borligini muhokama qilib oldik. Endi yillik rejalar nima deyiladigan bo‘lsa, mana, Qashqadaryoda HR (inson resurslari) tizimi. Ya’ni bugungi kunda ish beruvchilar bilan ishchilarning qo‘nimsizligi eng katta muammo va yaxshi kadr topa olmayapti. Buning uchun biz kuchli HR’larni olib kelamiz, ular Qashqadaryoda yig‘iladi. Keyingisi bu tashqi bozorga chiqish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish. Uchinchi oyda marketing tizimi bo‘yicha ish olib boramiz. Mana, shunaqa qilib oyma-oy shakllanaveradi. Uning natijasida o‘sha tadbirkorlar ko‘targan masalasi ham chiqib keladi. Buxgalteriya hozirgi kunda oqsayapti, tadbirkorlarda hisobchilar yetarli emasligi katta muammo. Shuning uchun tadbirkorlarning o‘zida qiziqish chiqib kelaveradi. Ishonchim komilki, biz shundoq ham har oy onlayn muloqotni ham olib boramiz va aynan shu “Business port” nomi bilan endi shu onlayn muammolarni ham takroran shakllantiramiz”, - deydi Vahobov.
Palata raisi mazkur platformaning JSTga qo‘shilishdagi ahamiyatli tomonlariga ham to‘xtaldi.

“Prezidentimiz Jahon savdo tashkilotiga mart oyida kirishimizni aniq aytdilar. Endi ko‘p tadbirkorlarimiz bu nima bo‘larkin, mening mahsulotim raqobatbardosh bo‘la olmasmikan, deb aytadi. Lekin u tadbirkorning mahsuloti boshqa davlatda raqobatbardosh bo‘lib tursin, Jahon savdo tashkilotiga kirgandan keyin u yerdagi qo‘yilgan bojlar olinadi. Bugun biz Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lmaganimiz uchun MDH davlatlaridan tashqariga olib borsak, 40-50 foiz boj bor.
Agar marketingni to‘g‘ri qo‘yib, mahsulotini hozirdan to‘g‘ri qadoqlash bo‘ladimi, uning ustidagi yozuvlarni to‘g‘ri qiladigan bo‘lsa, qo‘shilganimizdan keyin o‘sha bozorga biz 40-50 foiz boj emas, 10 foiz boj yoki nol boj bilan kira olamiz. Masalan, hamma hayron qoladi, bugungi kunda Yaponiyaga tekstil mahsuloti sotilyapti. Lekin o‘sha mahsulotga talab bor. Hozir bitta korxona kirib bordi. Bittasining orqasidan qolganlari ham kirib borishi mumkin. Bizning maqsad, 1 million dollar bitta mahsulot u yoqqa sotildimi, demak, biz uning tagiga qolgan 10 ta tadbirkorni o‘sha sifat, vaqt va moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib, o‘sha yoqqa olib borish”, - deydi Savdo-sanoat palatasi raisi
Vahobovning ma’lum qilishicha, tadbir so‘ngida biznes vakillari bilan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlar parkini qurishga kelishib olingan.
Ma’lumot o‘rnida, loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Qashqadaryoda tashkil etiladi.
Mavzuga oid
09:23 / 15.10.2025
O‘zbekiston afg‘on tadbirkorlari uchun biznes vizalarini soddalashtirishi mumkin
20:20 / 09.10.2025
Mis sim eksportiga boj kiritiladi. Iqtisodchilar bu xatoligini aytmoqda
17:18 / 13.08.2025
“Quruvchi tannarxidan emas, budjetga to‘laydigan solig‘idan chegirma qilib beryapti” – SSP raisi
15:19 / 07.07.2025