O‘zbekiston | 11:37 / 26.12.2025
2096
2 daqiqa o‘qiladi

2026 yil - “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada mahallaning xalqni birlashtirish, yoshlarni vatanparvar ruhda tarbiyalash va jamiyatda birdamlikni mustahkamlashdagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan davlat rahbari 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshganini ta’kidlab, xalqimizning mehnati, matonati va yoshlarning yutuqlari yurt ravnaqiga xizmat qilayotganini qayd etdi. Davlat rahbarining aytishicha, o‘zgarishlarni kutib yashash emas, balki ularni o‘z aql-zakovati va mas’uliyatli mehnat bilan yaratish — millatning kuch-qudratini namoyon etadi.

Prezident yoshlarni vatanparvar va turli sinovlarga chidamli insonlar etib tarbiyalash, xalqni yanada birlashtirish va jipslashtirishda o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla va yaxshi qo‘shnichilik jamiyatda ijtimoiy kapitalni boyitadigan uyg‘un qadriyatlardir.

Murojaatnomada keltirilishicha, mamlakatda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblagan. Bu esa mahalla, avvalo, ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatishi qayd etildi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, jamiyatda turli fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy, bu demokratiya talabi hisoblanadi. Biroq millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli xalqni birlashtiradigan ulug‘ g‘oya — Vatan manfaati va xalq manfaati ekani aytilib, bu maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri katta ekani qayd etildi.

«Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi», — dedi prezident.

Shularni inobatga olgan holda, prezident 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Mavzuga oid