Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qishloq xo‘jaligida raqamli platformalar va sun’iy intellekt yechimlari joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnika bilan ta’minlash, mexanizatsiya darajasini oshirish va sohada raqamli platformalar hamda sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni keng joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizni tashkil etmoqda. So‘nggi yillarda 1 ming 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilinib, paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetdi. O‘tgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingani natijasida keyingi besh yilda qo‘l mehnati 1,8 barobar qisqargan.
Navbatdagi vazifa sifatida paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish belgilandi. Shu maqsadda 2026 yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika olib kelinib, qishloq xo‘jaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish uchun xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi.
Taqdimotda mahalliy qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. 2026–2028 yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga oshirish, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga ko‘tarish rejalashtirilgan. Xususan, 2026 yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028 yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30–35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60–65 foizga chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimi mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratish taklif qilindi. Joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Taqdimotda zamonaviy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli monitoring tizimlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilda “Agrobank” ATB tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 1,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3,9 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, har bir hududda agroxizmat zonalari tashkil etilib, fermerlarga bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish, agronom maslahati va o‘quv kurslari bo‘yicha xizmatlar bir joyda taqdim etiladi. Chorvachilik va mevachilikda, suv sarfini “aqlli” boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 milliard so‘mlik yangi venchur kompaniyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring hamda moliyaviy xizmatlar samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
18:41 / 23.06.2026
G‘arb razvedkasi SI kiberhujumlarining yangi tahdidi haqida ogohlantirdi
14:38 / 23.06.2026
Namanganda sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar taqdim etildi
17:04 / 22.06.2026
Sun’iy intellekt va bilim illyuziyasi: Nega yosh mutaxassislar o‘sishdan to‘xtab qolmoqda?
21:55 / 15.06.2026