O‘zbekiston | 17:00 / 06.03.2018
41600
11 daqiqa o‘qiladi

Soliq deklaratsiyasini kim topshiradi?

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi soliq qonunchiligida jismoniy shaxslarning daromadlaridan progressiv stavkalarda soliq undirilishi ko‘zda tutilgan. Bir vaqtning o‘zida bir nechta manbalardan daromad olayotgan jismoniy shaxslarning daromadlarini to‘lov manbalarida to‘liq soliqqa tortish soliq organlari tomonidan yakuniy hisob-kitob taqdim etilgan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolar jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiyani topshirish orqali, davlat va jamiyat oldidagi konstitutsiyaviy burchlarini bajarish barobarida jami daromadlari, to‘lagan soliqlari miqdori va o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya badali bo‘yicha shaxsiy hisobvaraqlaridagi mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lishadi.

Shuningdek, deklaratsiya taqdim etish natijasida ularga soliqning ortiqcha to‘langan qismini boshqa soliqlardan bo‘lgan qarzi uchun o‘tkazish yoki boshqa soliqlardan qarzi bo‘lmagan taqdirda qaytarib olish imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, asosiy bo‘lmagan ish joylaridan daromad olgan jismoniy shaxslar deklaratsiya taqdim etish jarayonida amaldagi soliq qonunchiligida ko‘zda tutilgan imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Masalan: I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z mulkida bo‘lgan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlari bo‘yicha to‘langan soliqlarni jami yillik deklaratsiyani taqdim etish orqali qaytarib olishlari mumkin. Chunki, ular Soliq kodeksining 180-moddasi ikkinchi qismiga asosan daromad olingan har bir oy uchun eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan.

Shularni e'tiborga olgan holda, daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning kimlar tomonidan topshirilishi, taqdim etish tartibi va muddatlari yuzasidan yana bir bor tushuntirish berib o‘tamiz.

Deklaratsiyani kim topshiradi?

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 189-moddasiga asosan 2017 yil davomida:

- mulkiy daromad olgan (agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa)*;
- fan, adabiyot va san'at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromad olgan;
- asosiy bo‘lmagan ish joyidan moddiy naf tarzidagi daromad olgan;
- ikki yoki undan ko‘p manbadan soliq solinadigan daromad olgan;
- O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan daromad olgan;
- soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan daromadlar olgan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari 2018 yilning 1 apreliga qadar jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirishlari lozim.

Belgilangan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan chet ellik jismoniy shaxs ham o‘tgan soliq davri uchun daromadlar to‘g‘risida joriy yilning 1 apreligacha deklaratsiya taqdim etadi.

*Ma'lumot uchun: Soliq kodeksining 22-moddasiga asosan soliq to‘lovchiga to‘lovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs to‘lov manbai hisoblanadi.

Kim rezident hisoblanadi?

Soliq kodeksining 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi o‘n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O‘zbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasining rezidenti deb e'tirof etiladi.

Misol: Chet ellik fuqaro kontrakt asosida ishlash uchun 2017 yilning 1 sentabrida O‘zbekistonga keldi. 2018 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga 20 kunga chiqib ketib, qaytib keldi.

Chet ellik fuqaro O‘zbekiston hududida jami 194 kun (2018 yil yanvar oyida 20 kunni chegirib, 2017 yilning 1 sentabridan 2018 yilning 1 apreligacha hisoblaganda) turdi. Binobarin, u soliq solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining rezidenti hisoblanadi. Shu sababli bunday toifadagi fuqarolar ham 2017 yilda olingan daromadlari bo‘yicha 2018 yilning 1 aprelidan kechiktirmasdan deklaratsiya taqdim etishi lozim.

Deklaratsiya qaysi muddatlarda taqdim etiladi?

Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya yuqorida ta'kidlanganidek, tegishli daromad olingan yildan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etiladi. Agar 1 aprel dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, deklaratsiya undan keyingi birinchi ish kunidan kechiktirmay (Soliq kodeksining 36-moddasi) taqdim etilishi shart.

Chet ellik jismoniy shaxs – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti soliq solinishi lozim bo‘lgan daromad keltirayotgan faoliyatini kalendar yili ichida tugatgan va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketayotgan bo‘lsa, uning O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan vaqtda joriy soliq davrida haqiqatda olgan daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya mazkur jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketishidan bir oy avval taqdim etilishi lozim.

Agar chet ellik jismoniy shaxs – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti joriy yilning 1 fevraliga qadar doimiy yashash uchun xorijga chiqib ketayotgan bo‘lsa, joriy yil uchun daromadlar bo‘yicha deklaratsiya taqdim etilmaydi.

Deklaratsiyaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?

Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya shakli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan "Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorning (ro‘yxat raqami 2439, 2013 yil 22 mart) 2-ilovasida keltirilgan.

Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga belgilangan shakldagi to‘langan daromadlar va ushlab qolingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalari haqidagi ma'lumotnoma ilova qilinadi.

Jismoniy shaxs ikki va undan ortiq daromad manbaiga ega bo‘lsa, barcha manbalardan ma'lumotnoma taqdim etishi zarur.

Fan, adabiyot va san'at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromadlar olgan shaxslar ularni yaratish va ulardan foydalanish uchun zarur materiallar olish, bino va mol-mulk ijarasiga doir xarajatlarni (olingan jami daromad summasining 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) chegirishga haqlilar. Ushbu xarajatlar hujjatlar (nazorat-kassa mashinasi yoki terminal cheklari, kvitansiyalar, shartnomalar, hisobvaraq-fakturalar va hokazo) bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Grant ko‘rinishida daromadlar olgan jismoniy shaxslar deklaratsiyani topshirayotganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining tegishli xulosasini ham taqdim etishlari kerak.

Mol-mulkni (avtotransport, bino va inshootlar, turar va noturar joylar) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar ijara shartnomalari nusxalarini deklaratsiyaga ilova qilishlari shart.

Mamlakatdan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlardan soliqni hisobga olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ushbu daromadlardan to‘langan soliq summalari haqida chet davlat vakolatli organi tasdiqlagan ma'lumotnomani taqdim etadilar.

Soliq kodeksining 180-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, eng kam ish haqining to‘rt baravarini chegirish tarzidagi imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar imtiyozga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishlari va deklaratsiyada ko‘rsatishlari lozim.

Deklaratsiyani qanday usullarda taqdim etish mumkin?

Deklaratsiya bevosita jismoniy shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga, pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek, elektron shakldagi axborot tarzida va Internet tarmog‘i orqali taqdim etilishi mumkin.

Deklaratsiya soliq organiga shaxsan taqdim etilganda davlat soliq organining tegishli bo‘limiga topshiriladi.

Pochta orqali yuborilayotgan deklaratsiya konvertga solinadi va soliq to‘lovchining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi manziliga jo‘natiladi.

Elektron hujjat tarzida tayyorlangan deklaratsiyani soliq to‘lovchi bevosita yoki axborot vositachisi (elektron hujjatlar aylanmasi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs) orqali jo‘natishi mumkin. U elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi, bunda belgilangan shakl to‘liq to‘ldirilgan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, deklaratsiyani Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz – "Elektron soliq xizmatlari" portalidagi "Soliq deklaratsiyalarini yuborish" interaktiv xizmati orqali ham jo‘natish mumkin.

Soliq to‘lash muddatlari

Soliq to‘langan sana quyidagilardir:

- bankdagi hisobvaraqdan to‘langan taqdirda – bankdagi hisobvaraqlardan mablag‘lar hisobdan chiqarilgan kun;
- naqd pul mablag‘lari kiritilgan taqdirda – bank kassasiga mablag‘lar to‘langan sana.

Jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ini xorijiy davlatda joylashgan bank hisobvarag‘idan chet el valyutasida to‘lashi mumkin. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan, milliy valyutada ifodalangan soliq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘langan sanada Markaziy bank tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqiladi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash to‘lov xabarnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, soliqni to‘lash muddatlarini buzish to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e'tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun (to‘lov kuni ham shunga kiradi) 0,033 foiz miqdorida penya hisoblashga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi uchinchi qismi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shularni e'tiborga olgan holda, daromadlaringiz to‘g‘risidagi deklaratsiyani oxirgi muddat – 1 aprelni kutmasdan yashash joyingizdagi davlat soliq inspeksiyasiga o‘z vaqtida taqdim etishingizni maslahat beramiz.

Mavzuga oid