Jahon | 11:42 / 20.10.2025
11789
10 daqiqa o‘qiladi

Putinning qo‘ng‘irog‘i ish berdi. “Tomahawk” nega berilmadi?

Bu raketalar Rossiyani muzokaraga qaytishga majburlash uchun bosim vositasi edi. Va bu bosim ish berdi: Zelenskiy Oq uyga qadam qo‘yishi arafasida, Putin Trampga qo‘ng‘iroq qildi va ikki soatdan ortiq suhbatlashib, Ukrainaga “Tomahawk” bermaslikka ko‘ndirdi. Muloqotdan keyin Oq uy rahbari yumshab, “Putin urushni to‘xtatmoqchi” degan gapini yana takrorlay boshladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

17 oktyabr kuni Vashingtonga borgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tashrifidan asosiy maqsadiga erisholmadi: AQSh prezidenti Donald Tramp “Tomahawk” raketalarini hozircha bermasligini aytdi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar buning sabablari haqida so‘z yuritdi.

Shuhrat Rasul: Prezident Tramp, vitse-prezident Jyey Di Vens va janob Kellog ham bir necha marta Ukrainaga bu qurol berilishini aytgandi. Biz avvalgi ko‘rsatuvlarda “berilishi aniq” deganimizda, ayni shu bayonotlarga tayangan edik.

Bu qurolni berishdan maqsad – prezident Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majburlash edi. Zelenskiy bilan uchrashuvdan taxminan bir soat oldin Putin va Tramp 2,5 soat davomida suhbatlashgan. Qurol berilmaganining asosiy sababi shundaki, Putin Budapeshtda prezident Tramp bilan muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘lgan. Demak, Tramp bu qurolni Putinga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ishlatmoqchi edi, ammo bosim qurol berilmay turib o‘z samarasini berdi.

Tramp “Tomahawk” raketalari “mutlaqo berilmaydi” deb qat’iy aytmadi. U Zelenskiy bilan uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida aytishicha, Putin bilan muloqot vaqtida undan: “Dushmaningizga 2000 dona “Tomahawk” raketasi bersam, bunga qanday qaraysiz?” deb so‘ragan. Putin esa “zinhor bu ishni qilmang” deb iltimos qilgan.

Muhimi, bu telefon suhbati Tramp emas, aynan Putinning tashabbusi bilan bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, Trampning maqsadi “Tomahawk” raketalarini berish emas, balki ular orqali Rossiyaga siyosiy bosim o‘tkazish edi. Bu bosim qurollar ishlatilmasdan ham o‘z natijasini berdi: Putin muzokaralarga tayyorligini bildirdi va Budapesht uchrashuvi rejalashtirildi.

Abduvali Soyibnazarov: Haqiqatan ham “Tomahawk” raketalari Vladimir Putinni cho‘chitgani aniq. Chunki bundan avval prezident Jo Bayden davrida “HIMARS” raketalari va boshqa hujumkor qurollar Ukrainaga berilgan, bu esa Rossiyaning harbiy-logistika tizimiga va energetika infratuzilmasiga sezilarli zarar yetkazgan edi.

Shu bilan birga, “Tomahawk” raketalari “HIMARS”dan farqli o‘laroq, tovush tezligidan tez uchmaydi va ular boshqa harbiy harakatlar teatrlarida bir necha bor urib tushirilgan. Hatto Fransiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i o‘z intervyusida “Tomahawk” turidagi qanotli raketalar frontdagi umumiy vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi, degan bayonot bergan. Biroq bugungi kunda Rossiyani o‘ylantirayotgan asosiy masala – bu front chizig‘i emas, balki o‘zining energetika tizimi va ishlab chiqarish korxonalariga berilayotgan zarbalardir. Chunki bu holat mamlakatning eksport imkoniyatlarini jiddiy cheklab qo‘ymoqda.

Putin Tramp bilan suhbat chog‘ida agar “Tomahawk” raketalari Ukrainaga yetkazib berilsa, bu AQShning vositachilik roliga putur yetkazishi va Rossiyaning muzokaralardan chiqishiga sabab bo‘lishini bildirgan. Demak, ehtimol, ana shu signal va diplomatik ogohlantirish Trampni vaqtincha bosimni yumshatishga undagan.

Oybek Sirojov: Putin va Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti bo‘lishi kutilgan edi. Bu haqda Trampning o‘zi ham avvalroq ta’kidlagan. Biroq bu suhbat aynan Zelenskiy tashrifidan oldin bo‘lishini hech kim kutmagan. Bu muloqot Zelenskiy tomonidan tayyorlangan dasturlar va rejalashtirilgan kelishuvlarni sezilarli darajada o‘zgartirib yubordi. Bu vaziyatni tahlil qilganda, uchta asosiy masalaga e’tibor qaratish mumkin.

Birinchidan, telefon muloqoti tashabbusi Putindan chiqqan. Demak, bu jarayonda ko‘proq manfaatdor tomon aynan Rossiya bo‘lgan.

Ikkinchidan, qo‘ng‘iroq Zelenskiyning Oq uyga tashrifidan oldin amalga oshirilgan. Bu esa vaqt jihatidan ham strategik ahamiyatga ega.

Uchinchidan, “Tomahawk” raketalarining berilishi masalasi Rossiyaga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rilgan. Bu raketalarni yetkazib berishning maqsadi Ukrainaga 1991 yilgi chegaralarini to‘liq qaytarib berish emas, balki Rossiyani muzokaralar stoliga qaytarish va urushni tezroq tugatishdan iborat edi.

Endi savol tug‘iladi: Rossiya AQShni o‘z pozitsiyasiga qanchalik qiziqtira oldi? Trampning so‘zlariga qaraganda, telefon muloqoti “samarali va mazmunli” kechgan. U hatto Zelenskiyga “Putin urushni to‘xtatmoqchi” deganini aytgan. Bu holatdan kelib chiqib, Putin Trampni o‘zining muzokaralarga tayyorligiga ishontira olgan, ya’ni muayyan darajada yon bergan, deb taxmin qilish mumkin.

Bundan tashqari, AQSh manfaatlari nuqtayi nazaridan ham, ayrim jihatlar muhim ahamiyatga ega. Tramp doimo ta’kidlab keladi: “Bu urushni Bayden boshlagan, agar men hokimiyatda bo‘lganimda urush bo‘lmasdi”. Shu bois u bu mojaroning “Bayden urushi”dan “Tramp urushi”ga aylanib qolishini istamaydi. Ya’ni Ukrainaga qo‘shimcha, ayniqsa yuqori texnologiyali qurollar yetkazib berish Tramp uchun siyosiy xavf tug‘diradi.

Yana bir muhim jihat – Trampning Putinga nisbatan ritorikasi o‘zgarib borayotgani. Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammitidan so‘ng u Putinga nisbatan jiddiy tanqidiy gaplar ayta boshladi. Bu o‘zgarishning sababi Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi yaqinlashuv bo‘lishi mumkin. AQSh uchun Rossiya–Xitoy ittifoqining kuchayishi strategik tahdid sanaladi. Budapeshtda rejalashtirilayotgan navbatdagi uchrashuvda Tramp va Putin bu masalani batafsil muhokama qilishlari kutilmoqda.

To‘rtinchi masala – Trampning shaxsiy siyosiy ambitsiyalari. U o‘zini “urushlarni to‘xtatgan prezident” sifatida tarixda qoldirmoqchi. Tramp bir necha bor “men yettita, sakkizta urushni to‘xtatdim” deb ta’kidlagan. Shu sababli u Ukraina–Rossiya urushini ham yakunlash imkoniyatini o‘z siyosiy g‘alabasi sifatida ko‘rmoqda.

Kamoliddin Rabbimov: Darhaqiqat, Putinning diplomatik salohiyati yuqori. U chorak asrdan beri hokimiyatda. Bundan tashqari, Donald Trampga xushomadgo‘y liderlar juda yoqadi – Putin aynan shunday. U Trampga nisbatan malakali va chiroyli xushomad qiluvchi siyosatchi obrazida maydonga chiqmoqda.

Ikkinchidan, Tramp butun dunyoni tanqid qilsa ham, Putinni jiddiy, qattiq tanqid qilmagan. Shundan kelib chiqqan holda, G‘arb elitalarida Tramp va Putin o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik yoki kompromiss yuz berishi mumkinligi haqidagi taxminlar kuchli.

Uchinchidan, Tramp kimlarni hurmat qilishini yoki kimlarga e’tibor berishini kuzatganimizda, u avtoritar yetakchilarni qadrlaydi. Masalan, Erdo‘g‘an kabi uzoq muddat hokimiyatda qolgan avtoritar shaxslar Tramp tafakkurida qudratli hisoblanadi. Tramp liberal qadriyatlarni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi siyosatchi emas: uning tafakkuri avtoritar yo‘nalishga moyil va u hokimiyat almashinuvi, hokimiyatlar bo‘linishi kabi liberal institutlarni doimiy siyosiy funksiyalar sifatida to‘laqonli qabul qilmasligi mumkin. Shu bois, kim uzoq vaqt hukmronlik qilsa, Tramp ko‘zida u kuchli lider deb qabul qilinadi. Shuning uchun ham Putin Tramp bilan muloqotda har safar aniq tayyorgarlik ko‘radi, qanday so‘zlar ishlatilishi va asosiy argumentlar nimadan iborat bo‘lishiga alohida e’tibor beradi.

Zelenskiy masalasiga kelsak, “Tomahawk” raketalari borasidagi yondashuv Yevropa Ittifoqida umumiy ravishda shunday: ushbu qurol-aslahalar ertami-kechmi ma’lum miqdorda yetkazib beriladi. Hozircha “Tomahawk” Putinga bosim vositasi sifatida qo‘llanmoqda. Ammo agar Putin to‘liq muzokaradan voz kechib, urushni davom ettirishga qaror qilsa, Trampning ham “nega bermasligim kerak?” degan nuqtayi nazari paydo bo‘lishi mumkin.

Trampning siyosiy uslubi – zarur paytda ikkala tomonga ham bosim o‘tkazish orqali ulardan natija olishga urinish. Biroq kechagi telefon muloqotlaridan olingan insayder ma’lumotlariga ko‘ra, Putin o‘z pozitsiyasida qattiq turib: “Urush to‘xtatilsa, Donbass bizga berilishi kerak” kabi talabni ilgari surmoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid