Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maduroni qo‘lga olish chog‘ida o‘nlab kubaliklar ham halok bo‘lgan. Bu haqda nimalar ma’lum?
Foto: Getty Images
Kuba hukumati AQShning Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazgan amaliyoti chog‘ida 32 nafar fuqarosi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Rasmiy Gavana xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar Kuba qurolli kuchlari va maxsus xizmatlar a’zolari bo‘lgan, qurbonlar xotirasiga mamlakatda ikki kunlik milliy motam e’lon qilingan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar Maduroning shaxsiy qo‘riqlash xizmatida ishlagan.
«Qo‘shma Shtatlar hukumatining qardosh Bolivar Respublikasi Venesuelaga jinoiy hujumi natijasida... jangovar harakatlarda Inqilobiy qurolli kuchlar va Ichki ishlar vazirligi nomidan Janubiy Amerika mamlakatining xuddi shunday organlari so‘roviga binoan tegishli missiyalarni bajargan 32 nafar kubalik halok bo‘ldi», – deya Kuba hukumati bayonotidan iqtibos keltiradi Cubadebate rasmiy nashri.
Kuba hukumati bu odamlar «qat’iy qarshilik ko‘rsatib, hujum qilganlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri jang chog‘ida yoki turli obektlar bombardimon qilinishi oqibatida halok bo‘lgani»ni ta’kidlagan.
Qisqa bayonotda kubaliklarning Venesueladagi roliga aniqlik kiritmagan, ammo shunisi ma’lumki, bu ikki mamlakat azaldan ittifoqchi hisoblanadi: Kuba neft evaziga Venesuelaga xavfsizlikni ta’minlash sohasida yordam ko‘rsatadi.
Kuba rahbari Migel Dias-Kanel kubalik harbiylar Venesuela tomoni «iltimosiga ko‘ra» Maduro va uning rafiqasini qo‘riqlash bilan shug‘ullanganini ma’lum qilgan.
Venesuela AQSh harbiylarining shanba kuni Maduroning Karakasdagi qarorgohiga reydi oqibatida halok bo‘lganlarning aniq sonini keltirmadi. Hozircha Kuba hukumati qurbonlar sonini tasdiqlagan yagona rasmiy manba bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, Venesueladagi nashrlar shanba kuni kamida 25 kishi halok bo‘lgani, shundan 15 nafari – prezidentni qo‘riqlash xizmatining 6-batalyoni jangchilari (Venesuela prezidenti va uning oilasi xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan bo‘linma) bo‘lgan.
New York Times gazetasi shaxsini sir tutish sharti bilan ma’lumot bergan venesuelalik mulozimlarga tayanib, qurbonlar soni 80 nafarni tashkil etayotgani va bu miqdor o‘sishi mumkinligini xabar qilgan.
Maduroni qo‘lga olish amaliyoti qanday o‘tdi?
AQSh maxsus xizmatlari tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi 3 yanvar tongida, Amerika harbiylarining Venesuela bo‘ylab raketa zarbalaridan ko‘p vaqt o‘tmay qo‘lga olingan. Ularning ikkisi ham bu vaqtda mamlakat poytaxti Karakasdagi uyda bo‘lishgan.
Amaliyot AQShdagi asosiy aksilterror bo‘linma sanalgan Delta Force otryadi jangchilari tomonidan o‘tkazilgan.
Amerika harbiy rahbariyati ma’lum qilishicha, AQSh maxsus topshiriqli bo‘linmasi vertolyotlarda Maduro qarorgohiga uchib kelganida, ular o‘qqa tutilgan, javob zarbasi bilan o‘t ochish nuqtalari bostirilgan.
Keyin esa guruh Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliyani qo‘lga olgan, vertolyotlar AQSh Sharqiy sohil vaqti bo‘yicha soat 3:29 da, ya’ni amaliyot boshlanganidan 4 soat-u 43 daqiqa o‘tganida «Ivodzima» aviatashuvchisi palubasiga qaytib qo‘ngan.
CNN telekompaniyasi anonim manbaga asoslanib xabar berishicha, Maduroni asir olish chog‘ida ro‘y bergan otishma oqibatida bir necha amerikalik harbiy o‘qotar quroldan jarohat olgan, ammo ularning hayotiga xavf yo‘q.
AQSh prezidenti Donald Tramp matbuot anjumanida amaliyot chog‘ida «ko‘plab otishmalar» ro‘y berganini aytgan.
Kuba va Venesuela aloqalari haqida nimalar ma’lum?
Dekabr oyida New York Times Venesuela hukumatiga yaqin manbaga tayanib, Maduro shaxsiy xavfsizligi choralarini kuchaytirgani, jumladan, tunash joyini o‘zgartirganini xabar qilgandi.
Shu bilan birga, mamlakat yetakchisi AQShning harbiy aralashuvi xavfi kuchayib borayotgan bir paytda o‘zining asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Kubaga tayangan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentning atrofidagilar asabiy holatda bo‘lgan, Maduroning o‘zi esa tunash joylari va mobil telefonlarini tez-tez almashtirib, ehtimoliy zarba yoki maxsus kuchlar reydidan himoyalanishga harakat qilgan. Ehtiyot choralari sentabr oyida AQSh Karib dengizida harbiy ishtirokini oshirishni boshlaganidan beri kuchaytirilgan.
Maduro shaxsiy qo‘riqchilari tarkibida kubalik tansoqchilar sonini ko‘paytirdi va Venesuela armiyasi faoliyatiga ko‘proq kubalik kontrrazvedka zobitlarini jalb qildi, deydi NYT suhbatdoshlaridan biri.
Ilgari Venesuela Gavanani razvedka ma’lumotlari va tibbiy xizmatlar evaziga kuniga 90 ming barrelgacha subsidiyalangan neft bilan ta’minlagan. Ispaniyaning El País nashri xabar berishicha, Venesuela iqtisodiyotining qulashi tufayli yetkazib berish hajmi kamaygan bo‘lsa-da, bunday ayirboshlash hali ham ikkala rejimning yashab qolishi uchun muhim bo‘lib qolmoqda.
Reuters agentligi va mamlakatdan qochib chiqqan zobitlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kubalik harbiy maslahatchilar qarorlar qabul qilinishini nazorat qilish uchun Venesuela qurolli kuchlari bo‘linmalariga biriktirilgan. Ularning ishtiroki Venesuela generallari hukmron sotsialistik partiyaga qarshi biror samarali muxolifat yarata olmasligi uchun zarur, deb yozadi agentlik.
Kuba fuqarolarni kuzatish texnologiyalari va tajribasini ham Venesuela bilan baham ko‘radi.
Freedom House huquqni himoya qilish tashkiloti qayd etishicha, Venesuelaning Kuba ma’lumotlar bazalari namunasida yaratilgan shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar va ijtimoiy nazorat tizimlari davlatga odamlarning xatti-harakatlarini kuzatish va ularning siyosiy sodiqligiga qarab oziq-ovqat va xizmatlardan foydalanishni cheklash imkonini beradi.
Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, Tramp ma’muriyati Kubaga qarshi xuddi shunday operatsiya o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkinmi, degan savollar paydo bo‘ldi.
Yakshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga harbiy harakatlarga hojat yo‘qligini, chunki «Kuba qulash arafasida turgani» ni aytdi.
Shanba kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kubani «qobiliyatsiz marazmatiklar» tomonidan boshqariladigan «halokat o‘lkasi» deb ta’rifladi.
«Agar men Gavanada yashaganimda va hukumat a’zosi bo‘lganimda, oz bo‘lsa ham xavotirda yashardim», – degan Rubio.
Mavzuga oid
21:07 / 30.03.2026
O‘zbekiston Venesuelani mag‘lub etib, xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
08:52 / 30.03.2026
AQSh Rossiyaning Kubaga ketayotgan neft tankerini to‘xtatmadi
16:47 / 27.03.2026
“Ozodlik oroli”da nimalar bo‘lmoqda? Kubada kommunistik tuzum o‘rnatilishi tarixi
11:48 / 19.03.2026