Jahon | 11:48 / 19.03.2026
2172
3 daqiqa o‘qiladi

Maduroning safdoshi Venesuela Mudofaa vazirligini boshqarishdan chetlatildi

Vladimir Padrino Lopes Venesuela mudofaa vazirligini 10 yildan ortiq boshqargan va Nikolas Maduroning yaqin safdoshi bo‘lgan. Prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges bu lavozimga Gustavo Gonsales Lopesni tayinladi.

Vladimir Padrino Lopes Foto: Matias Delacroix/AP

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopesni lavozimidan chetlatdi. Karakas bu qarorni 18 mart, chorshanba kuni e’lon qildi.

Mudofaa vazirligining yangi rahbari etib Gustavo Gonsales Lopes tayinlandi. U 2015–2016 yillarda ichki ishlar vazirligini boshqargan, 2019–2024 yillarda esa Bolivar milliy razvedka xizmati direktori lavozimida ishlagan. U inson huquqlarini buzganlik uchun Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalari ostida.

Gustavo Gonsales Lopes
​​Foto: Ariana Cubillos/AP 

Rodriges Padrino Lopesga “vatanga sadoqati va shu yillar davomida mamlakatimizni himoya qilgan birinchi askar bo‘lgani uchun” minnatdorlik bildirdi. Prezident vazifasini bajaruvchi sobiq mudofaa vaziri “xuddi shunday fidoyilik va sharaf bilan” yangi vazifalarini ham bajarishiga ishonch bildirdi, ammo aynan qaysi vazifa ekanini ochiqlamadi.

Padrino Lopes Venesuela mudofaa idorasini 2014 yil oktyabridan beri boshqarib kelgan. El Nacional nashri ta’kidlashicha, bu mazkur lavozimda bo‘lishning eng uzoq muddatlaridan biri hisoblanadi.

U mamlakatning sobiq rahbari Nikolas Maduroning yaqin safdoshi deb hisoblanadi. Dpa agentligi qayd etishicha, qurolli kuchlar Bolivar Respublikasida davlat hokimiyatining asosiy tayanch ustunlaridan biri hisoblanadi.

Rodriges yana bir nechta vazirlik rahbarlarini ham almashtirdi, biroq bu o‘zgarishlar sababini tushuntirmadi. Masalan, mehnat va ijtimoiy himoya vaziri etib Eduardo Pinyate o‘rniga Karlos Aleksis Kastilo tayinlandi. Ronaldo Alkala elektr energetikasi vaziri lavozimida Xorxe Markes Monsalve o‘rnini egalladi. Xorxe Markes Monsalve esa uy-joy qurilishi vaziri etib Raul Paredes o‘rniga tayinlandi. Bundan tashqari, Harbiy qarshi razvedka bosh boshqarmasi direktori etib German Gomes Lares tayinlandi.

Delsi Rodriges 5 yanvardan buyon Venesuela prezidenti vazifasini bajarib kelmoqda. Undan ikki kun oldin, AQSh maxsus kuchlari “Mutlaq qat’iyat” nomli harbiy operatsiya chog‘ida Karakasda Nikolas Maduroni uning turmush o‘rtog‘i Siliya Flores bilan birga qo‘lga oldi va ularni Qo‘shma Shtatlarga olib ketdi. Amerika hokimiyati Maduroga, jumladan, “narkoterrorizm” va qurol saqlash bo‘yicha ayblovlar qo‘ygan.

Mart oyida Qo‘shma Shtatlar Venesuelaning oltin qazib olish sektoriga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi. Xuddi shu oyda Vashington Bolivar Respublikasining yangi hukumatini rasman tan oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid