O‘zbekiston | 16:20 / 12.09.2018
6133
9 daqiqa o‘qiladi

Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari faoliyati takomillashtiriladi

Foto: globalstour

Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining faoliyatini takomillashtirish va o‘rmon xo‘jaliklarining chegara hududlari tabiiy resurslaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish va o‘rmondan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining harbiylashgan tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorlik tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:

a) Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari bilan birgalikda ikki oy muddatda chegara zonalari va chegara mintaqalarida o‘rmon xo‘jaliklarining foydalanishda muammoli bo‘lgan yer uchastkalarining xatlovdan o‘tkazadi va har yili 1 fevralgacha yer konturlarining raqamlarini ko‘rsatgan holda ulardan foydalanishning qo‘shma grafigini tasdiqlaydi;

b) Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

ikki oy muddatda davlat o‘rmon fondi yerlari va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda joylashgan, salohiyatli turistlarni jalb qilish maqsadida foydalanish mumkin bo‘lgan obektlarning xatlovdan o‘tkazadi va ulardan foydalanish bo‘yicha taklif kiritadi;

salohiyatli turistlarni jalb qilish maqsadida davlat o‘rmon fondi yerlari va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda zarur sharoitlar va tegishli infratuzilmani (yoritish, transport va yo‘lovchi yo‘llari, axborot ko‘rsatkichlari, taqiqlovchi belgilar, dam olish joylari, mehmonxonalar va boshqalar) tashkil etadi;

xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, yirik turoperatorlarning veb-sahifalarida davlat o‘rmon fondi yerlari va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlar to‘g‘risida doimiy asosda faol targ‘ibot olib boradi;

v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

o‘rmonlarni qo‘riqlash normativlari, o‘rmon qo‘riqchiligi xodimlarining soni bo‘yicha normalar, ular uchun inventar, transport, aloqa vositalari va jihozlar bilan ta'minlash me'yorlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;

Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 9 sentabrdagi 203-son qarori bilan tasdiqlangan O‘rmon qo‘riqchiligi to‘g‘risidagi nizomga o‘rmon qo‘riqchiligi xodimlarining, shu jumladan chegara zonasida va chegara mintaqasidagi funksional majburiyatlarini aniqlashtirish yuzasidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari:

chegara zonalariga kirish (o‘tish), bu yerda bo‘lish (yashash), chegara mintaqalariga kirish va chiqish (o‘tish), vaqtincha bo‘lish (yashash), bo‘lish, harakatlanish va ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomalarning o‘z vaqtida berilishiga qat'iy rioya etilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda alohida bo‘lish tartibi belgilangan obektlar va joylarga turistlarning kirishi (o‘tishi), vaqtincha bo‘lishi va harakatlanishi uchun elektron shakldagi ruxsatnoma berish tartibini ikki oy muddatda joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari respublika chegaralarida joylashgan va O‘zbekiston Respublikasi chegara qo‘shinlariga bepul foydalanish uchun berilgan yer uchastkalaridan xo‘jalik faoliyatini yuritish uchun ikki tomonlama shartnomalar asosida, tegishli to‘lov evaziga belgilangan tartibda foydalanishni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjyeti parametrlarida:

davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining chegara zonasi va chegara mintaqasida ishlovchi xodimlarining oylik lavozim maoshiga 30 foizlik qo‘shimcha ustama;

Chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan har bir davlat o‘rmon xo‘jaligiga qo‘shimcha 15 nafar xodim (o‘rmonchi, yeger, inspektor), jami 360 nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimni ta'minlash uchun mablag‘ ajratilishini nazarda tutadi.

Chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish va

o‘rmondan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Chegara zonasida joylashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining xodimlari chegara zonasida ruxsatnoma kartochkalarisiz shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, chegara mintaqasida - Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha bo‘lish huquqiga egadir.

Chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining va chegara qo‘shinlarining tegishli bo‘linmalariga har yili bir marta o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlarining xodimlari bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini taqdim etadi.

Ichki ishlar va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari ushbu ro‘yxatni tasdiqlaydi va o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlariga ma'lumot uchun yuboradi.

O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari xodimlarining chegara mintaqasida shu maqsad uchun belgilanmagan yo‘llar va so‘qmoqlarda harakatlanishi taqiqlanadi (o‘rmon qo‘riqchiligi xodimlari bundan mustasno).

Chegara mintaqasida ishlab chiqarish ishlari amalga oshiriladigan hududlarida (joylarida) harakatlanish uchun o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishgan holda ularga olib boradigan zarur yo‘llar va so‘qmoqlarni jihozlashi va ta'mirlashi mumkin.

Chegara qo‘shinlari bo‘linmalari o‘z vakolatlariga muvofiq, zarurat tug‘ilganda chegara mintaqasida ham, chegara zonasida ham bu yoki bu tadbirlarni o‘tkazishni ma'lum bir vaqtga qadar to‘xtatib turadi.

O‘rmonlarni qayta tiklash tadbirlari qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladi.

Chegara mintaqasida o‘rmonlarni qayta tiklash tadbirlari tizimi asosan o‘rmon daraxtlarining tabiiy qayta tiklanish salohiyatidan foydalanishga yo‘naltirilishi kerak.

Chegara zonasida va chegara mintaqasida barcha o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha barcha tadbirlar sanitariya qoidalari va normalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari va boshqa qonunchilik talablariga muvofiq bajarilishi lozim.

Chegara zonasida va chegara mintaqasida o‘rmon zararkunandalari va kasalliklari o‘choqlari, o‘rmon yong‘inlarining xavfli tarqalishi aniqlangan hollarda, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari bu haqida qo‘shni davlatning vakolatli organlarini tezkor xabardor qilishlari kerak.

Chegara zonasida yong‘inlar yuzaga kelgan va ularni bartaraf etish vaqtida (yong‘in xavfi davrida) fuqarolarning o‘rmonlarga kirishi cheklanadi, transport vositalarining umumiy foydalanishdagi yo‘llardan tashqari harakatlanishi taqiqlanadi, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining patrul avtomobillari, chegara qo‘shinlari xodimlari va transport vositalari bundan mustasno, o‘rmonlardan rekreatsiya maqsadlarida foydalanish cheklanadi.

Chegara qo‘shinlari qonunchilikda belgilangan tartibda chegara mintaqasida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat turlarini yuritishda qo‘shimcha qoidalar belgilashi mumkin.

O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari chegara zonasi va chegara mintaqasida davlat o‘rmon fondining o‘zlariga berilgan uchastkalaridan faqat kunning yorug‘ vaqtida o‘rmon xo‘jaligini yuritadi va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshiradi, tunda chegara mintaqalarida qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid