O‘zbekiston | 18:04 / 11.10.2021
9504
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Rossiyada patent olish uchun Toshkentda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin bo‘ldi

Shu maqsadda RF SSV ajratgan tibbiy asbob-uskunalar O‘zbekistonga olib kelindi. 10 ming nafar o‘zbekistonlik qurilish sohasida ishlash uchun Rossiyaga soddalashtirilgan tartibda yuboriladi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

10 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi qurilish sohasida vaqtincha ishlash uchun soddalashtirilgan tartibda Rossiyaga yuboriladi. Bu loyiha doirasida fuqarolarni Toshkentda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish uchun Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi tibbiy asbob-uskunalar bilan O‘zbekistonga yetib keldi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan ma'lum qilishlaricha, endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Ma'lumot uchun, 10 ming o‘zbekistonlikni qurilishda ishlash uchun Rossiyaga yuborish loyihasi doirasida nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanadi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Qayd etish kerak, Rossiyada ishlash uchun patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi – o‘zbekistonlik migrantlarni eng ko‘p qiynaydigan muammolardan.

Shu sababli RFdagi o‘zbek migrantlarining 30 foizdan ortig‘i patent olmagan holda mehnat qilayotgani aytiladi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada ishlash huquqini qo‘lga kiritish maqsadida ruxsatnoma olish uchun murojaat qiladigan bo‘lsa, ularga faqat 1 yil muddatga patent beriladi. Buning uchun taxminan 500 dollar miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita sarflanadigan mablag‘ kerak bo‘ladi.

2020 yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror imzolagandi. Unda 2021 yil 1 yanvarga qadar Rossiya IIVning pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov patentning O‘zbekistonda berilishiga Rossiya tomoni rozi bo‘lmayotganini aytgandi.

“Patent olish, ya'ni uni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish masalasida Rossiya Federatsiyasi bilan 3ta xalqaro shartnomamiz mavjud. Rossiyalik mas'ullar O‘zbekistonga kelib, shu yerda patent berishni zimmasiga olishgandi. Biroq bu hali qonuniylashtirilmagan. Shu masala bo‘yicha ishni tezlashtirish va o‘zaro muzokara o‘tkazish uchun bir guruh rahbarlar Rossiyaga jo‘nab ketishgan.

Bilamizki, Rossiyaga ishlashga chiqib ketgan migrantlar patent olishi uchun 20-30 kungacha vaqt talab qilinadi. Patent beradigan markazga murojaat qiladi, ariza, pasport tarjimasi, tibbiy ko‘rik hujjatlari topshiradi. Bir hafta tilga o‘qiydi, to‘lovlari bor va oxirgi bosqichda ichki ishlar boshqarmasidan tegishli ro‘yxatdan o‘tgandan keyingina patent beriladi.

U yerga borganidan keyin patent olmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishga haqqi yo‘q. Fuqaromiz esa darrov ishlay olmaydi. 20-30 kun davomida ishsiz o‘tirishi, boqimanda bo‘lishi kerak yoki noqonuniy ishlab “deport” bo‘lib ortiga qaytib kelishi ham mumkin.

Buning oldini olish uchun endilikda shu yerning o‘zida to‘lanadigan mablag‘lari, sug‘urta, chipta, ariza va tilga o‘qitish masalalari hal qilib beriladi.

Faqatgina ikkita jarayonga biz aralasha olmayapmiz. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar rahbariyati bunga ruxsat bergani yo‘q. Ular migrantlar patentni bu yerga kelganidan keyin oladi, degan shartni qo‘ygan. Hozirda boshqa barcha xizmatlarni O‘zbekistonda qilish imkoni yaratildi. Agar Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar boshqarmasi bilan kelishuvga erishsak, patentni shu yerning o‘zida beradigan qilamiz”, – degan edi Davlatnazar Matrasulov prezidentning yuqorida qayd etilgan qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Shuningdek, Rossiyaning Xalqlar do‘stligi universiteti tomonidan O‘zbekistonning barcha hududlarida Rossiyaga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun rus tilini o‘rgatadigan o‘quv kurslari tashkil etilishi, ikki oylik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Rossiyada tan olinadigan til sertifikatiga berilishi va u patent olish huquqini berishi aytilgandi.

2021 yilning yanvarida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” federal davlat unitar korxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lgan, unda Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent hujjatini rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilingandi.

2021 yilning martida Toshkentda Moskva shahri va viloyati uchun migrantlarga patent rasmiylashtiruvchi idora – “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi” filiali ochilgan, endilikda Rossiyaning eng yirik shahrida mehnat faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga shu yerning o‘zida qator xizmatlar ko‘rsatilishi, Rossiyaning boshqa mintaqalaridagi migratsiya markazlarining filiallari O‘zbekistonning turli shaharlarida ochilishi ham rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid