16 martda Toshkentdagi «Ishga marhamat» monomarkazida Moskva shahridagi «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi»ning O‘zbekistondagi filiali rasman ochildi. U Moskva shahri va viloyatida ishlash istagidagi chet ellik fuqarolar uchun patent rasmiylashtirish xizmatini ko‘rsatadi.


Endi mehnat migrantlari Rossiya hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish jarayonini bevosita Toshkent shahridagi filialda boshlashlari mumkin. «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi»ning O‘zbekistondagi filiali orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi O‘zbekistonda amalga oshiriladi.
«Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlash, kasbiy malakasini baholash, ish beruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilishini tashkil etish, ushbu davlatga kirish va mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq taqiqlarni tekshirish, mehnat migrantlariga ishga joylashish, ishlash uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarni inobatga olgan holda mamlakatda bo‘lish tartiblari bo‘yicha maslahatlar berish, ularning Rossiyaga kirib borishiga ko‘maklashish va mavjud vakansiyalar haqida ma'lumotlar berish kabi xizmatlar amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yerda Rossiyaga kirishga taqiq bor-yo‘qligini ham tekshirish mumkin bo‘ladi», - dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov.

Uning aytishicha, Rossiya mintaqalaridagi migratsiya markazlarining filiallari respublika viloyatlaridagi monomarkazlarda ham bosqichma-bosqich ochiladi. Jumladan, Samara viloyati Farg‘ona vodiysi viloyatlarida o‘z filiallarini ochish istagini bildirgan bo‘lsa, Tatariston, Boshqirdiston respublikalari Migratsiya markazlari Samarqand viloyatiga qiziqish bildirmoqda.
Filialga to‘lanadigan haq Moskvadagidan qanchalik farq qiladi?
Bu savolga javob bergan Erkin Muhiddinovga ko‘ra, narxlar Moskvadagi markazga to‘lanadiganidan farq qilmaydi. Ammo, istagan fuqarolarga subsidiyalar, 2 mln so‘mgacha mikroqarzlar taqdim etilishi, tez orada yo‘lga qo‘yiladi. Shunday qilib, markaz saytidan olingan ma'lumotga ko‘ra, bugungi kunda Moskva shahrida patent rasmiylashtirish uchun to‘lanadigan pul jami 15 ming rublga yaqinni tashkil etadi. Demak, Toshkentdagi filialga kelgan mehnat migranti ham bu yerda 2 mln 200 ming so‘mga yaqin mablag‘ to‘lashi talab etiladi.

















