10:57 / 05.01.2021
18046

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari duch kelayotgan asosiy muammo va to‘siqlar ma'lum qilindi

Foto: RIA Novosti

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya va Qozog‘istonda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari duch kelayotgan asosiy muammo va to‘siqlarni ma'lum qildi.

Birinchi muammo – bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi. Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarning 30 foizidan ortig‘i ishlash va yashash uchun rasmiy ruxsatnoma (patent) olmagan holda ishlamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada ishlash huquqini qo‘lga kiritish maqsadida ruxsatnoma olish uchun murojaat qiladigan bo‘lsa, ularga faqat 1 yil muddatga patent beriladi. Buning uchun taxminan 500 AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita sarflanadigan mablag‘ kerak bo‘ladi.

«Bundan tashqari, har oyda taxminan 50–125 AQSh dollari miqdoridagi majburiy to‘lovlar to‘lanishi va boshqa sarf-xarajatlar e'tiborga olinsa, har yili bir kishi 1700 AQSh dollarining bahridan o‘tishi kerak», - deyiladi ma'lumotda.

Qozog‘istonda esa, ruxsatnoma olish bilan bog‘liq xarajatlar yiliga 200-1000 dollarni tashkil etib, uni dastavval ish beruvchi to‘lab beradi, keyinchalik ishchi-migrantning oyligi hisobidan qoplab olinadi.

Ikkinchi muammo - kasb-hunarga oid taqiqlarning mavjudligi. O‘zbekistonlik migrantlarga dorixonalar, chakana turg‘un bo‘lmagan chakana savdo shoxobchalari va bozorlarda ishlash taqiqlanadi.

O‘zbekistonlik migrantlar ixtisoslashgan do‘konlarda alkogol va tamaki sotish kabi sohalarda ishlashi mumkin, ammo ular tashkilot xodimlari umumiy sonining 15 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Sport sohasida migrantlar ko‘pi bilan 25 foiz, quruqlikdagi yo‘lovchi va yuk tashish transportida esa korxona xodimlari sonining eng ko‘pi bilan 26 foizi bo‘lishi kerak.

Qishloq xo‘jaligi sohasida mazkur chegara 50 foizni, qurilish sohasida esa 80 foizni tashkil qiladi.

Uchinchi muammo - O‘zbekistonlik migrantlar YeOII davlatlaridan biriga kelganidan so‘ng olti oy o‘tgach, soliq to‘lovchilar toifasiga o‘tkaziladi, ya'ni masalan Rossiyada ular jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq stavkasini 13 foiz o‘rniga 30 foiz miqdoridagi soliqni to‘laydilar.

«Shu va boshqa masalalar o‘zbekistonlik migrantlarning erkin mehnat faoliyatini olib borishi uchun yetarli sharoit yaratish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni batafsil o‘rganib chiqish va keng tahlil qilish zarurligini keltirib chiqarmoqda», - deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma'lumotida.

Mavzuga oid
Top