O‘zbekiston | 17:57 / 27.01.2021
11575
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasi «Soliq narxi» mexanizmini joriy etadi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Soliq bazasini aniqlashda tovarlarning (xizmatlarning) narxini bozor qiymatidan kelib chiqqan holda belgilash choralari to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sinov tariqasida bozor qiymatidan kelib chiqqan holda DSQning «Soliq narxi» mexanizmi joriy qilinadi.

Soliq kodeksida agar bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past yoki yuqori bo‘lsa, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqliligi ko‘rsatilgan.

 Lekin, tovarlarning (xizmatlarning) narxini bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblash mexanizmi yaratilmaganligi sababli, soliq organlari tomonidan soliq bazasiga tuzatish kiritish ishlari amalga oshirilmasdan qolmoqda.

DSQ axborotiga ko‘ra, ushbu loyiha yuqorida keltirilgan muammolarni yechish maqsadida ishlab chiqildi.

Ta'kidlanishicha, bozor qiymatidan kelib chiqib narxi belgilanadigan tovar va xizmatlar ro‘yxatiga yangi ko‘p kvartirali uylardagi turar joy obektlari, un mahsulotlari, shakar, alkogolli mahsulotlar, tamaki mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, gazlangan va gazlanmagan salqin ichimlik va sement kiritiladi.

Soliq bazasini aniqlashda tovarlarning (xizmatlarning) narxini bozor konyukturasidan kelib chiqqan holda belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tovarlarni (xizmatlarni) ulgurji va chakana realizatsiya qilish va Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni bepul berish kabi holatlarda tovar va xizmatlarning narxlari bozor qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymati tushunchasining ma'nosi shuki, tovarlarning (xizmatlarning) ehtimolga eng yaqin va adolatli qiymati, shu jumladan, vakolatli organlar, baholash tashkilotlari tomonidan aniqlanadigan va (yoki) belgilangan, tovarlar (xizmatlar) bozorida realizatsiya qilinishi (ko‘rsatilishi) mumkin bo‘lgan qiymat hisoblanadi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymati quyidagilarni qo‘llagan holda aniqlanishi mumkin:

  • Har bir tuman (shahar) hududida faoliyat yuritayotgan chakana savdo obektlarida sotilayotgan narxi tanlanma asosida (hudud markazi va olis hududlar kesimida) mas'ul soliq inspektorlari tomonidan o‘rganib chiqish orqali. Bunda, sotilayotgan tovarlar (xizmatlar) o‘xshash tovarlar bo‘lsa, lekin sifati har xil bo‘lganligi hisobiga narxlar keskin farq qilsa, soliq bazasini aniqlashda Soliq kodeksining 45-moddasiga muvofiq narx shakllantiriladi;
  • tovar-xomashyo birjalarida shakllangan narxlar orqali;
  • onlayn-NKM va virtual kassa cheklarida qayd etilgan tovarlar (xizmatlar) kodlari asosida (hudud markazi va olis hududlar kesimida) shakllantirilgan narxlar orqali;
  • hisobvaraq-fakturalarda ko‘rsatilgan identifikatsiya kodlari hamda sotilgan mahsulotlarning shtrix-kodlari asosida shakllantirilgan narxlar orqali shakllantiriladi.

«Soliq-narxi» mexanizmi bo‘yicha   2021 yil 1 noyabriga qadar yakuniy xulosalar olinadi va uni keng joriy etish bo‘yicha DSQ tomonidan takliflar kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid