O‘zbekiston | 15:00 / 02.02.2019
23707
2 daqiqa o‘qiladi

IIB: Nadya Nepomnyashaya xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaat qildi

Foto: UzNews

Asli o‘zbekistonlik top-model Nadya Nepomnyashaya xorijga chiqish huquqini beruvchi pasportni olish uchun IIBga murojaat qilgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri IIBdagi manbasiga tayangan holda xabar bermoqda. 

23 yanvar kuni Londondan uchib kelgan top-modelning qo‘lga olingani haqida avvalroq xabar berilgandi.

«Nepomnyashaya xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaat qildi va hujjat uchun suratga tushdi. Ammo unga nisbatan yuritilayotgan jinoiy ish bo‘yicha sud yakdil ma'lumot bera oladi», — deydi axborot manbasi. 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonovaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, «unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan». 

«Chiqish vizasi muddati tugaganidan keyin uchinchi davlatga chiqqani uchun unga jinoyat ishi ochishyapti. U Moskvada yashaydigan onasini ko‘rgani tez-tez borib turar edi», — deydi Nadyaning dugonasi.

Ma'lumot uchun, chiqish vizasi bo‘lmagan yoki muddati o‘tgan chiqish vizasi bilan yurgan o‘zbekistonlik fuqaro Jinoyat kodeksining 223-moddasiga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilib, minimal ish haqining to‘rt yuz barobarigacha jarima yoki 5 yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin.

Mavzuga oid