O‘zbekiston | 16:11 / 29.12.2022
123943
9 daqiqa o‘qiladi

2023 yil 1 yanvardan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Foto: KUN.UZ

Maksimal pensiya miqdori oshiriladi

Prezident farmoniga asosan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshiriladi.

Oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, hududlarda oilaviy shifokor punktlari tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi.

Bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi

Prezident farmoniga asosan bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Maktab direktorligiga nomzodlarga talablar kuchaytiriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejyerlik sertifikatini olish uchun Milliy-tadqiqot institutida maxsus pulli dasturlar asosida jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitiladi;

o‘qitish yakuni bo‘yicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim va ko‘nikmalari baholanadi hamda natijasi bo‘yicha menejyerlik sertifikati beriladi;

maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejyerlik sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tanlab olinadi va kelishish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etiladi;

maktab direktorini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimdan ozod etish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishish talab etilmaydi.

Pensiya tayinlashda fuqarolardan bir qator hujjatlarni talab qilish bekor bo‘ladi

Prezident qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi;

davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YaMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi;

davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

Fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi

Hukumat qaroriga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab ichki ishlar organlari faoliyatiga bosqichma-bosqich «Ye-patrul» tizimi joriy etilib, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi hamda barcha ma’lumotlar joyida planshet orqali tekshirilib, ichki ishlar organlari patrul-post xizmati xodimlarining faoliyati «bodikamera»dan foydalangan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi.

«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga beriladigan pul mukofoti 3 baravarga oshiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

a) «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha oshiriladi;

b) «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish;

shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;

davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish;

v) doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi;

g) donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi;

d) immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi;

ye) shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarisiz loyihalashtirish taqiqlanadi

Prezident farmoni bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;

yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning chiqindi to‘plash joylari ulardagi kvartiralar soniga mutanosib ravishda hamda atrofdagi mavjud chiqindi to‘plash shoxobchalari quvvati hisobga olingan holda loyihalashtiriladi.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylar chiqindi to‘plash joylari belgilanmasdan foydalanishga qabul qilinmasligini qat’iy nazoratga olish va ta’minlab borish vazifasi yuklanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasi keskin kamaytiriladi

Prezident qaroriga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foizidan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi (bundan savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar mustasno).

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga ruxsat etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilarga ruxsat etilsin:

yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, shu jumladan yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;

qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilishga.

Bunda, yakka tartibdagi tadbirkorlarga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun 5 nafargacha xodimlarni yollashga ruxsat etiladi;

umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda kamida 3 nafar xodimni yollagan yakka tartibdagi tadbirkorga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olishga subsidiya ajratiladi. Bunda, subsidiya miqdori bitta xodim uchun BHMning 15 baravaridan oshmasligi lozim.

Shahar yo‘lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari beriladi

Hukumat qaroriga asosan shahar yo‘lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish bosqichma-bosqich:

Toshkent va Samarqand shaharlarida — 2023 yil 1 yanvardan boshlab;

respublikaning barcha shaharlarida — 2023 yil 1 maydan boshlab amalga oshiriladi.

Tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali FHDYo bo‘limlarida qayd etish tartibi joriy etiladi

Hukumat qaroriga asosan tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etish tartibi 2023 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.

Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini qurish rag‘batlantiriladi

Prezident qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar:

elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda ular o‘rnatilgan avtomobil to‘xtash joylari joylashgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan, shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘idan;

asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatish (ushbu faoliyat turi bo‘yicha tushumning umumiy realizatsiya qilish hajmidagi ulushi 50 foiz va undan yuqori) bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari foyda solig‘idan;

transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;

belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Mavzuga oid