21:50 / 18.09.2018
45167

Kogon fojiasidan so‘ng. O‘zbekistondagi barcha gaz quyish shoxobchalari va gaz-ballonli avtomobillar tekshiriladi

Foto: Bukhara Info / Telegram

18 sentabr kuni Buxorodagi avtobus halokati ortidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus farmoyishi imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha gaz quyish shoxobchalari va gaz-ballonli avtomobillar tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov ikki oy muddatda gaz balloni o‘rnatilgan avtotransport vositalari, shuningdek, ularga xizmat ko‘rsatuvchi gaz quyish stansiyalari, tabiiy gazda ishlaydigan qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalarning texnik holatini puxta hamda har tomonlama xatlovdan o‘tkazilishiga mas'ul etib tayinlangan.

Shuningdek, xatlovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, yoqilg‘i sifatida tabiiy gazdan foydalaniladigan avtotransport vositalari, gaz quyish stansiyalari, qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalardan foydalanish bilan bog‘liq avariyaning oldini olish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

18 sentabr kuni ertalab soat 8:30 larda Buxoro viloyati Kogon tumani hududidan o‘tuvchi Buxoro-Qorovulbozor magistral yo‘lida 26 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus gaz balloni portlashi natijasida avtobus yo‘lovchilari bo‘lgan 4 kishi voqea joyida, 1 kishi esa kasalxonada vafot etdi.

Qorovulbozor tumanidagi «Rahmon Ahmad» fermer xo‘jaligi rahbari R.Ahmedov va Vobkent tumani Xayrobodcha qishlog‘ida yashovchi G.Roziqova qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish uchun tashkil qilingan 25 nafar fuqarodan iborat mavsumiy madad guruhini Vobkent tumanidan Qorovulbozor tumaniga olib borayotgan paytda ushbu hodisa sodir bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga binoan vafot etganlar oilasiga 10 million so‘mdan, og‘ir tan jarohati olganlarga 5 million so‘mdan va boshqa jarohatlanganlarga 2 million so‘mdan moddiy yordam puli ajratildi.

Mavzu
Buxorodagi fojia
18 sentabr kuni ertalab Buxoro viloyati Kogon tumani hududidan o‘tuvchi «G‘uzor-Buxoro-Nukus» A-380 avtotrassasining 201-kilometrida Isuzu avtobusida gaz ballonining portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi
Barchasi
Mavzuga oid
Top