Sport | 18:29 / 09.08.2021
48113
1 daqiqa o‘qiladi

«Tahoe», «Trailblazer» va yangi xonadon kalitlari. Tokio-2020 ishtirokchilari qanday kutib olinadi?

Bugun, 9 avgust kuni Toshkentda Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkaziladi.

Sportchilar va rasmiy delegatsiya joy olgan samolyot soat 20:00da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishi rejalashtirilgan.

Bayramona kutib olish tadbirida, jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etishi kutilmoqda.

Marosimda sovrindor sportchilarning ota-onalari ham so‘zga chiqishi reja qilingan. Yulduz Usmonova, Yodgor Sa'diyev va Ozodbek Nazarbekov kabi san'atkorlar tadbirga taklif etilgan.

Avvalroq, medal bilan qaytayotgan sportchilarga prezident sovg‘asi sifatida «Tahoe» va «Trailblazer» avtomobillari hozirlanayotgani videosi tarqalgandi.

Tribuna.uz ma'lumotiga ko‘ra, sovrindorlarga avtomobildan tashqari xonadon kalitlari ham topshiriladi.

Mavzuga oid