Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi vakillari Parij Olimpiadasi tashkilotchilari yo‘l qo‘ygan kamchiliklar haqida gapirdi. Bu orada bokschi Bahodir Jalolovning sportchilardan biriga qaratilgan murojaati paydo bo‘ldi. Unda bokschi barcha sharoitlar muhayyo qilinganini, ovqatlanishdan umuman muammo yo‘qligini aytgan va sharoitlardan noligan sportchini sportchi o‘rnida ko‘rmasligini aytgan. Xo‘sh, aslida Kapadze va Fayzullayev nimadan norozi bo‘lgandi?

Parij olimpiadasida qatnashayotgan bokschi Bahodir Jalolovning Fransiya poytaxtida o‘zbekistonlik sportchilarga yaratib berilgan shart-sharoitlar va boshqa o‘zbek sportchilar xususidagi keskin fikrlari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jalolov O‘zbekiston 24 telekanali muxbiri Dilobar Yoqubova bilan suhbatda o‘zbek sportchilaridan biri Olimpiada vaqtida oziq-ovqatdan noliganini aytib, u bunday sportchini sportchi o‘rnida ko‘rmasligini ta’kidlagan.

“Masalan, men 3 mahal o‘zbek ovqatlarini yeyapman. Osh yeyapman. Xohlasam qo‘y go‘sht, xohlasam mol go‘sht. Xohlagan ovqatimni yeyapman.

Bu gapni qaysi sportchi gapirgan, to‘g‘risi, men u sportchini sportchi o‘rnida ko‘rmayman. Chunki yurtboshimiz biz sportchilarga shunaqa sharoitlar yaratib beryapti. Biz bunga shukr qilishimiz kerak. Hech qaysi davlatda bunaqa sharoit yo‘q deb o‘ylayman.

Xohlasalaring borib, shtabga kirasizlar, xohlagan ovqatlar turibdi. O‘zbekistonda hatto muzqaymoq, suvlargacha kelgan.

Endi noshukrchilik qilsak, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu gapni qaysi sportchi gapirgan bilmadim, lekin o‘sha sportchi nonko‘r ekan”, — degan Bahodir Jalolov. 

Aslida nima bo‘ldi?

Olimpiadadagi ishtirokini yakunlab, mamlakatga qaytib kelgandan so‘ng erkaklar futboli bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze 5 avgust kuni Toshkentda matbuot anjumanida qatnashdi.

Kapadze savollarga javob bera turib, Olimpiada vaqtida sharoitlar haqida ham gapirgan. Murabbiy Parijga uchib borgandan so‘ng futbolchilardan ikki nafarining bagaji yo‘qolganini, aeroportdan Olimpiya shaharchasiga ketishda yo‘lda adashib qolishgani va 40 daqiqa avtobusda qolib ketishganini aytdi.