15:21 / 02.01.2019
116250

O‘zbekistonning eng yoshi ulug‘ kishisi 124 yoshda. U Buvaydada yashaydi

2018 yil so‘ngida yoshi ulug‘lar ziyoratida bo‘lishni niyat qildik. Sarlavhani o‘qib, kimdadir shubha ham paydo bo‘lgandir... Biroq, Farg‘ona viloyati, Buvayda tumani Qoraqum qishlog‘ida yashaydigan 124 yoshli Huvaydo momo Umarova haqidagi ma'lumotlarni hamqishloqlari yaxshi bilishadi. Chunki, ona ularning ajdodlari bilan ham birga yashagan.

Uchta yuz yillik bilan yuzlashgan momo misoli tirik tarixning o‘zi. Uning pasportida tug‘ilgan kuni sanasi – 1895 yil 1 yanvar.

Huvaydo onaning hali xotirasi tiniq, gaplari dadil. Uning jamiyatdagi evrilishlar – kolxozlashtirish, quloqlashtirish, ikkinchi jahon urushi, ocharchilik davrlarini aniq-tiniq eslab gapirishidan hayratga tushasiz. So‘zlashi ham boshqacha. Qadimiy lutf bilan, shoirona…

O‘tgan asr boshidagi inqilob, ocharchilik kunlari haqida, Katta Farg‘ona kanali qazilishida qanday mehnat qilgani, urush paytlari erkaklar yo‘qligi sabab 9 gektar g‘o‘zani ayol boshi bilan tunlari o‘zi sug‘organini hikoya qiladi.

“Avlodingizda uzoq yashaganlar bo‘lganmi?” deya savol beraman. Momoning avlodida bir asrdan mo‘l yashaganlar ko‘p bo‘lgan ekan. “Otam, Toshmat ota 101 yoshga kirgan. Tog‘am, Mullaqodir 130 yil yashagan. Saydiniso ammam esa 125 yil umr ko‘rgan”, deydi onaxon. 

“16 yoshimda turmushga berishgan. Birinchi ro‘zg‘orimdan farzand bo‘lmadi. Ikkinchisidan avval ko‘rgan ikki farzandimiz turli kasalliklardan vafot etgan. 1935 yili yana bir o‘g‘il farzand Hoshimjonim tug‘ildi va yashab ketdi. Jami uch qiz, to‘rt o‘g‘ilni katta qilganmiz. Hozir 50 nafar nevara, 71 chevara, 28 evaram bor”, deya so‘zlaydi momo. To‘g‘risi, Huvaydo onaning yaqinlari avlod ichida “begona”lari ham bor ekanligini aytishdi. Hozir momo kenja o‘g‘li Husanboy va kelini Diloromxonlar bilan birga istiqomat qiladi.

Momoga erkalik qilib: “Bitta she'r yoki qo‘shiq aytib bering”, dedim. Momo qadim o‘zbek ohangida ota-ona haqida qo‘shiq xirgoyi qildi. Kuylab-kuylab, ko‘ziga yosh oldi.

Aslida, momo hazilkash ekan. Gap orasida, ocharchilik payti, kolxozda qilingan mehnatga qarab tushlikda cho‘michda ovqat berilganini aytib, “Paxta terishda no‘noqroq edim. Zo‘rg‘a 150 kilo terardim”, deya mutoyiba ham qildi.

Onaning har gapi so‘ngida duo va shukronalik bor. Yaratganni o‘zi bandasini uzoq umr, keng rizq bilan siylabdi. Shifokorga ishi tushmaganligi ham ajablanarli. Momo, “Alloh bersa tog‘amdan ham o‘tib, 150 yoshga kirgim bor”, deya yaxshi niyat qiladi. Yaqinlarining aytishlaricha, onaning tishlari ikkinchi marta chiqqan.   

To‘g‘risi, momoga an'anaviy bo‘lgan “Shu yoshga yetishingizni sababi nima?” degan savolni bergani iymandik. Momo gap orasida, “Otam va qaynotamni juda ko‘p duosini olganman” deya ko‘p takrorladilar. Yemishdan esa, suvi qochgan non va tolqonni ko‘p iste'mol qilgan ekan.

Yana bitta qiziq fakt. Farg‘onaning Buvaydasida 80, 90 yoshdan oshgan insonlar soni ko‘pchilikni tashkil etar ekan. To‘rt nafar  yuz yoshni qarshilaganlar bor.

Biz onaxonni bayram bilan tabriklagani Buvayda tumani hokimi Begzodbek Ibragimov, tuman mutasaddilari hamda nuroniylar bilan birga bordik. Momo qo‘l ochib, ezgu duolar qildi.  

Maqolani mutolaa qilgan o‘quvchida: “Momo 124 yoshni qarshilabdi. Demak, dunyodagi eng keksa inson. Nega, Ginnes rekordlar kitobiga kiritilmagan? Yoki yoshi aniq emasmi?” degan savollar tug‘ilishi mumkin.

Biz Buvaydada momoning necha yil yashagani ustida tadqiqot o‘tkazmadik. Yoshi borasida faktlarga u kishining hujjatlari va hamqishloqlari tomonidan aytilgan dalillarga asoslanganimiz aniq.

Hujjatlarga ko‘ra, onaxonni ayni paytda “O‘zbekistonning eng keksa kishisi” deyish mumkin. Ginnes kitobiga kiritish, “Buvaydadagi uzoq umr ko‘rish” fenomeni bilan esa ilm kishilari shug‘ullansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Video: Mover

Video: Youtube

 

Elmurod Ermatov, Farg‘ona
 KUN.UZ muxbiri.

Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

    

Mavzuga oid
Top