Sport | 19:47 / 08.02.2026
7024
4 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada chempioni Lindsi Vonn balandlikdan tushishda yiqildi

Amerikalik tog‘ chang‘ichisi Lindsi Vonn – sportning tog‘ chang‘isida tez tushish turidagi eng muvaffaqiyatli sportchilardan biri hisoblanadi. U yanvar oyi oxirida Jahon kubogi bosqichi vaqtida olingan jarohatiga qaramay, Italiyadagi Qishki olimpiya o‘yinlarida qatnashishga qaror qilgandi. Ammo 41 yoshli sportchi ishtirokini boshlashi bilanoq, yiqildi va jarohat oldi, uni trassadan vertolyotda olib ketishdi.

Foto: Screengrab by IOC via Getty Images

Lindsi Vonn tez tushishda 13 raqam ostida start qilgandi. U startdan keyingi 13-soniyada katta tezlikda darvozalardan biriga tegib ketib, muvozanatini yo‘qotdi va yiqildi.

Translatsiya chog‘ida uning qisqirig‘i hamda uni pastda kutib turgan jamoadoshlari hamda muxlislarining hayqiriqlari ham eshitilgan.

Vonning yiqilishi muxlislarni karaxt holatga tushirdi. Foto: Reuters

Sportchi mustaqil ravishda o‘rnidan tura olmagan va uni trassadan vertolyotda olib ketishgan.

Jacquelyn Martin / AP / Scanpix / LETA

Uning holati haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. «Uning barcha jarrohlari, xodimlari [fizioterapevtlar] va shifokorlari shu yerda, shuning uchun ular bizga xabar berishiga ishonchim komil. Menimcha, hozir uni tekshiruvdan o‘tkazishmoqda, biz faqat shuni eshitdik», – dedi Vonnning singlisi Karin Kido.

Bu trassada Vonndan keyin yana ikki sportchi yiqilib tushgan – Nina Ortlib (Avstriya) va Kande Moreno (Andorra). Ortlib trassani o‘zi tark etgan, Morenoni esa xuddi Vonn kabi vertolyotda evakuatsiya qilishgan.

Musobaqada Brizi Jonson g‘olib chiqib, AQSh uchun bu Olimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medalni olib keldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda germaniyalik Emma Ayher hamda italiyalik Sofiya Godja qo‘lga kiritgan.

Lindsi Vonn 41 yoshda. 2010 yilda u Vankuver Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u to‘rt karra Jahon kubogi Katta billur globusi (2008, 2009, 2010, 2012) va ikki karra jahon chempioni bo‘lgan. Vonn muntazam ravishda og‘ir jarohatlar bilan kurashgan, 2019 yilda navbatdagi jarohatdan so‘ng faoliyatini yakunlashini e’lon qilgandi.

Besh yillik tanaffusdan keyin, 2024 yilda Vonn tizza bo‘g‘imini almashtirish bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiya qilindi, shundan so‘ng u Milandagi Olimpiadada qatnashish uchun professional sportga qaytishga qaror qildi.

2025 yil dekabrida Vonn Jahon kubogi bosqichlaridagi 83-oltin medalini qo‘lga kiritadi va bu darajadagi musobaqada g‘olib chiqqan eng katta yoshli sportchiga aylanadi.

2026 yil yanvar oyi oxirida, Italiyadagi o‘yinlardan bir hafta oldin, Vonn Jahon kubogining Kran-Montanadagi (Shveytsariya) bosqichidagi ishtiroki vaqtida yiqilib og‘ir jarohat oldi – uning tizzasining oldingi xochsimon bog‘lami yirtilib ketgandi. Shunga qaramay, u baribir Olimpiadada qatnashishga qaror qilgandi – u Kortina d'Ampetsso trassasi o‘zining eng sevimli trassalaridan biri ekani va aynan shu yerda sportchilik faoliyatini yakunlamoqchiligini aytib kelardi. U faoliyatida ilk bor, 2004 yilda ushbu trassada uchinchi o‘rinni egallab, podiumga ko‘tarilgan, keyinroq bu trassada bo‘lib o‘tgan jahon kubogi bosqichlarida 12 marta oltin medal qo‘lga kiritgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid