Sport | 18:34 / 16.02.2019
6730
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor Chimgan challenge sport festivali o‘tkazildi

Bo‘stonliq tumanidagi “12-chashma” tog‘ chang‘isi bo‘yicha havaskorlar klubida ilk bor Chimgan challenge qishki sport o‘yinlari bo‘yicha yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Ko‘tarinki ruhda boshlangan festival O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport maktabi hamkorligida tashkil etildi.

Ikki kunlik festivalda 10-14, 15-19 va 20-30 kabi 3 ta yosh toifasi bo‘yicha 500 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Dastlabki kun festivalning ochilish marosimi tashkil etilib, unda festival tashkilotchilari mamlakatimizda qishki sport o‘yinlarini yanada rivojlantirish, festival ko‘lamini kengaytirish, kelajakda musobaqani xalqaro turnir darajasiga olib chiqish va bu orqali ko‘plab iste'dod egalarini kashf etish haqida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shu tariqa 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar festivaliga start berildi. Ular sportning voleybol, chang‘i uchish va Snowboarding turlari bo‘yicha qizg‘in bahsga kirishdi. Saralash bosqichlaridagi eng tezkor, eng ilg‘or va eng kuchlilar finalga yo‘l oldi.

Festivalning ikkinchi kuni chang‘i uchish bo‘yicha 16 nafar yosh sportchilar o‘zaro bellashdi. Har ikki sportchidan qay biri marraga birinchi bo‘lib yetib kelsa, keyingi raqib bilan kuch sinashdi. Mag‘lublar esa maydonni tark etdi. Shu yo‘sinda kechgan musobaqada 37 sekundda 300 metrlik masofaga yetib kelgan “uchar sportchi” Arman Gayupov ushbu yo‘nalishda 14-19 yosh toifasi bo‘yicha mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

—Men bolaligimdan shu sport turi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib kelaman. Bu yo‘nalishdagi ustozim – dadam bo‘ladi. Ular meni yoshlikdan tog‘lardagi mashg‘ulotlarga jalb etib, o‘z ustimda ishlashimga, salohiyatimni oshirishimga barcha imkoniyatlarni yaratib berardilar. Bugun o‘sha tinimsiz mehnatlarimiz natijasida shohsupaning faxrli birinchiligida turibman. Kelgusidagi maqsadim qishki sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda ham birinchi o‘rinni egallab, yurtimiz sharafini munosib himoya qilish, – deydi 18 yoshli sportchi Arman Gayupov.

Voleybol bo‘yicha musobaqada birinchi o‘rinni “Chirchiq-1” jamoasi, ikkinchi o‘rinni Chirchiq-2 jamoasi, uchinchi o‘rinni esa “Yangiyo‘l” jamoalari qo‘lga kiritdi.

3 ta yo‘nalishning 3 ta yosh toifasi bo‘yicha 27 nafar g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

– Ushbu musobaqa yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga qiziqtirish va ular orasidan bo‘lajak chempionlarni saralab olib, xalqaro musobaqalarga tayyorlash maqsadida o‘tkazilyapti, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Umed Rajabov. — Ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan bu kabi sport musobaqalari orqali O‘zbekistonda qishki sport turlari rivojlantiriladi.

Yoshlar taklifiga binoan Chimgan Challenge festivali har yili qishki mavsumda doimiy ravishda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

 

Mavzuga oid