Jahon | 21:20 / 08.09.2022
18399
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bosh qo‘mondoni urush istiqbollari haqida maqola yozdi. U Rossiyadagilarga ham urushni «his qildiradigan» qurollar kerak degan xulosada

Ukraina prezidenti matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy va Oliy Rada mudofaa qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari, general-leytenant Mixail Zabrodskiy «Ukrinform» platformasida «2023 yildagi harbiy kampaniya istiqbollari: Ukraina tomondan qarash» sarlavhali maqolani e’lon qildi — uni bir necha tillarda o‘qish mumkin. Maqola Germaniyaning «Ramshtayn» aviabazasida Ukrainaga harbiy yordamni muvofiqlashtirish bo‘yicha guruhning uchrashuvi arafasida chiqdi — katta ehtimol bilan, bu orqali omma e’tiborini yana bir bor ukrain harbiylarining G‘arb qurollariga bo‘lgan ehtiyojiga qaratish mo‘ljallangan.

Maqola avvalida Zalujniy va Zabrodskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush 2022 yildan keyin ham davom etishini kutish uchun «barcha asoslar» borligi — shu tufayli ukrain harbiylarining 2023 yildagi harbiy ambitsiyalari ko‘lami va Ukrainaga hamkorlardan qanday qurollar kerakligi haqidagi savollarga javob berish mantiqiyligini aytishadi.

Maqola mualliflari fikricha, Rossiyaning 2023 yildagi maqsadlari Donetsk oblastining ma’muriy chegaralariga chiqish (Rossiya «maxsus amaliyot»ning bunday maqsadi haqida bir necha bor ochiq gapirgan), shuningdek Zaporijjya yo‘nalishi va Ukraina janubida ilgarilash bo‘lishi mumkin. «Zaporijjya va Dnepr dushman qo‘liga o‘tishi ehtimoli Kiyev Ukrainaning chap sohildagi katta hududni boy berishini anglatadi, rossiyaliklarning janubda muvaffaqiyatli yurish qilishi — Mikolayiv, Odessa egallanishi, Krivoy Rog, mamlakatning markaziy va g‘arbiy oblastlari tahdid ostida qolishi — Rossiya «maxsus amaliyot deb atalgan amaliyotni mantiqiy (kechikib bo‘lsa ham) yakunlab qo‘yishini ta’minlashi mumkin», deyilgan maqolada.

Bosh qo‘mondon fikricha, 2023 yilda Ukraina qurolli kuchlarining holati qanday bo‘lishi «unchalik aniq emas». Maqolada Izyum va Baxmut yo‘nalishlaridagi to‘qnashuv liniyalarining «o‘ta noqulay» konturlari, bu yo‘nalishlarda dushmanni to‘xtatib turish uchun «kuchlarning ikki to‘plami» zarurligi, shuningdek «o‘t ochish vositalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari» yetishmasligi qayd etib o‘tiladi. «Janub va Sharqdagi vaziyat ham yaxshi ko‘rinishda emas», — deya yozadi mualliflar.

Keyin ular asosiy mulohazalarga o‘tishadi — ta’sir ko‘rsatilishi urushdagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan «RFning og‘irlik markazi» haqida.

Dastlab Zalujniy va Zabrodskiy bunday markaz Qrim bo‘lishi mumkinligini tahlil qilishadi. Ularning fikricha, Qrimning muvaffaqiyatli mudofaasi Rossiyaning 2023 yildagi asosiy muvaffaqiyati bo‘lishi haqida «xulosaga kelish qiyin emas», chunki yarimorol «kattagina qo‘shinlar va qurol-yarog‘» joylashtirish joyi ham hisoblanadi; u yerda Qora dengiz floti qarorgohi hamda Rossiya butun Ukraina bo‘ylab zarbalar berishi mumkin bo‘lgan aerodromlar joylashgan.

Maqola mualliflari yozishicha, agar Qrim Rossiyaning urushdagi «og‘irlik markazi» deb olinsa, Ukraina 2023 yilda yarimorolni egallab olish kampaniyasini rejalashtirishi kerak bo‘ladi. Buning uchun, generallarning hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlarining mavjud birlashmalarini ishga solish emas, balki «tarkibida o‘ntadan yigirmatagacha brigadalar bo‘lgan bir yoki bir necha operativ (operativ-strategik) guruhlar» tashkil etish kerak bo‘ladi. Bu jarayon davomida mavjud bo‘linmalar Ukraina hamkorlari tomonidan zamonaviy qurollar bilan ta’minlanishi talab etiladi. Maqolada ta’kidlanishicha, buning uchun siyosiy iroda va yaxshi rejalashtirish, shuningdek «yetakchi mamlakatlarning ishlab chiqarish bazalari va zaxiralari»dan foydalanish talab etilsa-da, bularning bari «mutlaqo real».

Shunga qaramay, Zalujniy va Zabrodskiy bunday yondashuvni «juda biryoqlama» deb atashadi. Xususan, ular hatto Qrimni boy bergan taqdirda ham, Rossiya Qora dengiz floti va aviatsiyani Krasnodar o‘lkasida qayta joylashtirib, yo‘qotishlar o‘rnini vaqt o‘tishi bilan to‘ldirib borishi mumkin. Buning bari mojaro kelgusida ham davom etishini anglatadi.

Zalujniy va Zaborodskiy aksar rossiyaliklar uchun urush «olisda» ekani, ular «jismonan olisda va jazosiz bo‘lishi»ni Rossiyaning chinakam «og‘irlik markazi» deb atashadi. «Bunday uzoqlik tufayli RF fuqarolari yo‘qotishlar, muvaffaqiyatsizliklar, asosiysi — bu urushning tom ma’nodagi narxini u qadar og‘riqli qabul qilishmayapti», — deyiladi maqolada.

Generallar Rossiya Ukrainaning butun hududi bo‘ylab zarbalar yo‘llagani holda o‘zi «jazosiz» qolish imkoniyatiga egaligi, bu vaqtda Ukraina — shunchaki «raqibning front orti»ga zarba bera olish bilan cheklanishini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, Rossiyani bunday ustunlikdan mahrum etib bo‘lmaydi, ammo Ukraina bunga «shunday uzoqlikda harakatlanish imkoniyati» bilan qarshi turishi mumkin. Buning uchun Ukraina armiyasi artilleriya, raketa qo‘shinlari, aviatsiya va harbiy-dengiz kuchlarini xorijdan jo‘natmalar orqali qayta jihozlashi kerak bo‘ladi.

Zalujniy va Zabrodskiy Rossiyaning Qrimdagi aviabazalari, jumladan, 9 avgust kuni Sakidagi aviabazaga davomli raketa zarbalari yo‘llanganini «bunday yondashuv to‘g‘riligiga ishonarli misol» sifatida keltirgan. Bungacha Ukraina rasmiylari bu hujumlar uchun rasman javobgarlikni zimmasiga olishmagandi.

«Ukraina qurolli kuchlarining 2023 yilga mo‘ljallangan vazifasi — nishonlardan ancha uzoqda bo‘lib ham rossiyaliklar va boshqa istilo ostidagi hududlarda [Qrimdan tashqari] bunday his-tuyg‘ularni o‘tkirroq, tabiiyroq va juda seziluvchan qilishdir. <…>  Ukraina qurolli kuchlari tegishli qurollardan foydalanishi xavfi mavjudligi Rossiya Federatsiyasini qarama-qarshilik tabiati, yo‘nalishi va yakunlarini boshqacha ko‘rib chiqishga majbur etadi», — deya yozishgan ukrain generallari.

Yakunda Zalujniy va Zabrodskiy ittifoqchilar yordami 2023 yilda «Ukraina qarshiligining moddiy asosi» bo‘lib qolishi darkorligini ta’kidlashadi. Ularning fikricha, yordam hajmi va muddatiga jahon hamjamiyati mojaroning haqiqiy ko‘lamini tushunmasligi ta’sir ko‘rsatmoqda, chunki Ukrainadagi urush haqiqatlari — havo trevogasi sirenalari, shaharlarga raketa va bombalar tashlanishi, daryolar kechib o‘tilishi va tanklar bilan bostirib kelinishi — «dunyodagi odamlarning mutlaq ko‘pchiligi uchun… faqat o‘tgan yuz yillikdagi jahon urushlarining xayoliy haqiqati bo‘lib qolmoqda».

Mavzuga oid