Toshkent shahrida 13-18 may kunlari Uzbekistan Fashion Week – 2023 (O‘zbekiston moda haftaligi – 2023) tadbiri bo‘lib o‘tdi. Haftalik dizayner Dilnoza Umrzoqova tashkilotchiligi asosida o‘tgan. Kun.uz muxbiri u bilan suhbatlashib, namoyish maqsadi va podiumda olib chiqilgan liboslar haqida batafsil ma’lumot oldi.
Namoyishda 300 dan ortiq kolleksiyalar hujjati topshirilgan va shundan 35 nafar dizayner 500 ga yaqin liboslari bilan podiumda ishtirok etgan. Dizaynerlar asosan o‘zbekistonliklar bo‘lib, yana bir qancha qozog‘istonlik va marokashlik Ifrah Arsi taklif etilgan. Liboslarning aksar qismi milliy matolardan tikilgan. Modalar ichida odatda ayollarga mo‘ljallangan liboslarni erkaklar kiyib chiqqani jamoatchilik e’tiborini tortdi va turli platformalarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jurnalist Fotima Jo‘rayeva liboslar «mentalitetga yotligi»ni aytib, «bularning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi»ni yozgan. Facebook’dagi ayrim foydalanuvchilar esa «liboslarda bir jinslilik madaniyati targ‘ib qilingan» degan xulosaga borgan bo‘lsa, yana biri «O‘zbekiston olgan qarzlari badalini shunday to‘layapti», degan ma’noda post qoldirgan.
Mavzu Twitter foydalanuvchilari tomonidan ham muhokama qilindi. Foydalanuvchilardan biri modalar haftaligi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilganini aytib, tvit yozgan. Unga javoban agentlik rahbari Alisher Sa’dullayev haftalikning tashkilotga aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Bundan tashqari, agentlik matbuot xizmati voqeaga rasmiy munosabat ham bildirdi. Unda aytilishicha, tadbir bir qator tashabbuskorlar va xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda agentlik loyihasi sifatida xato ko‘rsatilgan.






















