Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
GM’ning narx siyosati aks-sadosi: «Qaror ijrosimi, bo‘ldi, yest qilamiz»
Foto: "Kun"
«GM» mashinalarining so‘mga o‘girilgan yangi narxlari e'lon qilindi. Albatta, narxlar osmonlab ketgan. Bir qarashda uncha-muncha boyning ham tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadigan darajada qimmat. Ammo Sanjar Said ta'kidlaganidek, shov-shuvni chindan ham kambag‘allar ko‘taryapti. Afsuski, kambag‘allar hamisha ko‘pchilikni tashkil etgan.
Aslida, hech narsa o‘zgarmagan. «Gohi shodlik, gohi g‘am» degan hind kinosida badjahl ota qiyofasini aks ettirgan Amitabh Bachchan o‘gay o‘g‘li rolini o‘ynagan Shohrux Xonga aytadi-ku: «Hech narsa o‘zgarmagan!..»
Muhimi, prezident qarorining ijrosi ta'minlangan. Lekin six ham kuymagan, kabob ham. Prezident aytganini kompaniya rahbarlari, rasmiy va norasmiy foydaxo‘rlari qoyilmaqom darajada bajarishdi — na u tomon e'tiroz bildiradi, na bu tomon xafa bo‘ladi. Faqat xalqqa jabr bo‘ldi, xolos. Oddiy xalqqa, puli yo‘q xalqqa — boyga emas. Chunki uning hatto uch yosh bolasida ham allaqachon mashina (bog‘chaga olib boradigan, pampers tashiydigan) bor.
Bir tomondan, GM to‘g‘ri ham qilgan: mashina qancha kam sotilsa, shuncha yaxshi — o‘zi moshina shundoq ham ko‘payib ketdi, yo‘llar qolmayapti — qayoqqa qarama mashina, mashina, mashina.
Ekologiya buzilib ketyapti, odamlar ikki yuz qadamlik magazinga ham mashinada borishga o‘rganib olgan — o‘lgudek dangasa. Yana chala haydovchi-yu, tirbandliklar, DAN xodimlarining asabiy hushtakbozligi, benzinu metanning tanqisligi, qimmatlashi, ehtiyot qismlarning qimmatligi, «shapka»lar va hokazo...
Qisqasi, kompaniyaning megasuperdaho hisobchilari bularning baridan yaxshi xabardor. Ular uzoq o‘ylab o‘tirmay, darhol «qaror ijrosimi, bo‘ldi, yest qilamiz», degan va AQSh dollari kursini davlat belgilagan 3850 so‘mda emas, balki «qora bozor» liderlari belgilagan kurs 8500 so‘mning 10.000 so‘mdan ham oshishini ko‘zlab, hisoblab chiqishgan.
Boisi — erkin konvertatsiya yo‘q, ammo barcha mashinalar so‘mda sotilgach, baribir so‘mni ko‘chaga chiqib, dollar qilib olish kerak-ku?! So‘m oddiy xalqdan boshqasiga, ayniqsa, biznesmenlarga kerakmas. Ham moliyaviy, ham ma'naviy inflyatsiyaga yuz tutgan bechora valyuta... Bankka borib, dollar konvertatsiyasidan gap ketsa, mutasaddilarning yuzi achigan qatiq ichgandek bujmayib ketadi: «O‘zimizning beradiganlarimiz bor, senga poshyol...», deya olmaydi, xolos.
Mana, hisoblab ko‘ring, 0,8 litr motor hajmidagi «Matiz» M rusumli mashinaning yangi narxi milliy valyutamizda 38.886.547 so‘m qilib ko‘rsatilgan. Buning 1 iyun holatiga davlat kursidagi xorijiy valyutadagi ekvivalenti esa 10.110 AQSh dollariga teng. Xo‘sh, bu 10 mingi qayerdan paydo bo‘ldi, degan savol tug‘ilgandir. Megasuperdaho hisobchilar mavjud narxni dollarning «qora bozor»dagi kursi 10.500 so‘mdan oshishini taxminlab, 1 iyungacha xuddi shu mashina uchun AQSh dollarida topshiriladigan summaga ko‘paytirishgan-qo‘yishgan. Narxlar roppa-rosa 2,8 barobar oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyungacha mashinaning narxi 3.604 dollar bo‘lgan. 10110 ni 3604 ga bo‘lsak 2,8 kelib chiqadi.
38.886.547 : 3846,33 so‘m = 10.110 dollar.
Endi, buning haqiqiy hisobini keltiramiz: 38.886.547 : 8500 so‘m = 4575 dollar.
GM-Uzbekistan lineykasida chiqarilayotgan eng arzon mashina «Matiz» M’ning haqiqiy narxi 3604 dollardan 4575 dollarga yetgan. U bor-yo‘g‘i 901 dollarga, 27 foizga oshgan, xolos. Nega shu holatda narx 3604 dollarning qora bozordagi kursi — 8500 so‘mga ko‘paytirilib, 30 mln 600 ming qilib belgilab qo‘yilmagani tushunarsizroq.
Qiziq holat, ilgari dollarning davlat kursi oshishiga qarab «Matiz M» narxi haftama-hafta pasayib borgan bo‘lsa, endi haftama-hafta oshib boraveradi.
So‘mga sotib kelingan mashinalarning narxi ham shu tarzda ko‘tarilgan. Eng katta o‘sish «Spark»ning 4-pozitsiyasida ro‘y bergan. Uning so‘mdagi narxiga deyarli bir barobar qo‘shilgan.
Agar «qora bozor» yo‘q qilinib, davlat kursi har joyda ustuvor bo‘lsa, 10.100 dollarni topish qiyin bo‘lmasdi. Ya'ni, 10.100 dollar 3846,33 so‘mdan almashtirilsa, 38.886.547 so‘m atrofida bo‘ladi. Bu summani o‘rtacha 2–3 yilda ishlab topish mumkindek, biroq davlat kursi ham haftasiga oshib bormoqda, binobarin, endi moshinlar ham har hafta qimmatlaydi. Maoshlar esa — bu qadar tez oshmaydi.
Aslida, endi xorij valyutasining bizga qizig‘i yo‘q, chunki dollaringizni «qora bozor»da 8500–9000 ming so‘mdan «maydalatvolib», moshinni so‘mga sotib olaverasiz. «Baxt»imizga «qora bozor» bor bo‘lsin! Endi, uni «qora» emas, «oq» deb aytsak ham bo‘laveradi.
Zohid Xolov
Mavzuga oid
15:36 / 11.12.2025
Avtomobil yuvish xizmatlari narxi bir yilda qariyb 10 foizga o‘sdi
15:05 / 19.10.2025
Go‘sht - o‘zbekning hayot tarzini belgilaydigan mahsulot
15:03 / 15.10.2025
Go‘sht narxi rekord darajada oshdi. Sabab nima?
19:10 / 12.09.2025