Global miqyosda mol go‘shtining bir kilogrammi uchun o‘rtacha narx 6,9 dollargacha qimmatlashdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. O‘zbekistonda ham go‘sht narxining oshishi yillik inflatsiyadan 3 barobar yuqori bo‘lib qolyapti. Xo‘sh, bunga nimalar sabab bo‘lyapti?
2025 yilning sentabr oyida dunyo bo‘ylab mol go‘shtining bir kilogrammi uchun o‘rtacha narx 6,9 dollargacha qimmatlashdi. Bu 1960 yildan keyingi davrda qayd etilgan rekord ko‘rsatkich, deya xabar berdi Jahon banki.
Go‘sht narxi ketma-ket 4 oydan beri oshib boryapti. Yillik hisobda narx o‘sishi 10 foizga yaqinlashdi. Bunga asosiy sabab sifatida ishlab chiqarish hajmining qisqarishi keltirilyapti. Chunki qoramolni yetishtirish uzoq vaqt talab etadi: bitta buqa so‘yiladigan og‘irlikka yetishi uchun taxminan ikki yil kerak.
TRT nashrining yozishicha, qoramol go‘shti nafaqat cho‘chqa va parranda go‘shtidan sekin tayyor bo‘ladi, balki uni boqish ham ancha qimmatga tushadi. Ayniqsa yem-xashakka ko‘p mablag‘ ketadi. Masalan, bir kilogramm mol go‘shti ishlab chiqarish uchun 15 ming litr suv sarflanadi.
Fermerlar uchun yana bir muammo — iqlim o‘zgarishi. Qurg‘oqchilik sabab yaylovlar va ozuqa hosili qisqarib boryapti. Natijada hayvonlarni erta so‘yish boshlangan.
Mol go‘shti narxini oshirayotgan yana bir omil — Trampning boj urushi. AQShning boshqa davlatlar bilan savdo ziddiyatlari noaniqlikni kuchaytirib, savdo zanjirlarini buzyapti. Bundan tashqari, yoqilg‘i narxining oshishi fonida logistika va qayta ishlash xarajatlari ham qimmatlashgan.
Shuningdek, Yevropaning ayrim mamlakatlarida kasallik sabab qoramollarning qirilib ketishi ham ta’minot qisqarishiga olib kelgan.
Shu bilan birga, go‘sht iste’moli ham ortib boryapti. Koronavirus pandemiyasi va cheklovlardan so‘ng aholi yana faol tarzda go‘sht yeyishni boshlagan.
AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda iste’mol qilinadigan go‘sht turlari ichida mol go‘shtining ulushi 24 foizni tashkil etadi. Bu borada cho‘chqa go‘shtining ulushi 36 foiz, parranda go‘shtining ulushi 33 foiz, qo‘y go‘shtining ulushi esa atigi 5 foiz. Dunyodagi eng yirik go‘sht yetkazib beruvchi mamlakatlar – AQSh, Braziliya va Xitoy hisoblanadi.








