O‘zbekiston | 10:29 / 18.01.2021
13889
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlarining tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashishi cheklanadi – Biznes-ombudsman

Davlat organlari tomonidan tadbirkorlarni nazorat qilishning aniq 4 xil shakllari belgilab berildi. Tadbirkorlik faoliyatini nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat funksiyalari ro‘yxati shakllantiriladi.

«Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va loyiha ommaviy muhokamaga qo‘yilgan. Bu haqda Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori Abduvali Abdumavlonov 15 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, yangi qonun loyihasi ishlab chiqilishidan asosiy maqsad tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishning chegaralarini belgilash va asossiz aralashuvlarni qonun doirasida cheklash hisoblanadi.

Qonun loyihasida davlat organlari tomonidan tadbirkorlarni nazorat qilishning aniq 4 xil shakllari: nazorat tadbirlari, monitoring, statistika va boshqa axborotlarni tahlil qilish va tekshiruvlarni o‘tkazish belgilab berildi. Shuningdek, boshqa nazorat shakllari amaliyotga tatbiq qilinmasligi bildirilgan.

Abduvali Abdumavlonov

Bundan tashqari, yangi qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish maqsadida qonun buzilishi haqida ogohlantirish prinsipi haqida ma'lumot berilgan. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yekti faoliyati doirasida qonun buzilishi haqidagi aniq ma'lumotlar yoki murojaatlar bo‘lmagan holatda, nazorat organlarining ichki tahlillari asosida tekshirishga chiqish, faqatgina tadbirkorga ogohlantirish berilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Qolaversa, qonun loyihasida nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshiruvda ishtirok etishining rad etilishiga olib keluvchi holatlar belgilab qo‘yilgan. Tekshiruv natijalaridan bevosita yoki bilvosita manfaatdorlik keltirib chiqaradigan holatlar, ya'ni mansabdor shaxs tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yektida ishlaganligi yoki uning yaqin qarindoshlari tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yekti mulkdorlari, aksiyadorlari yoki a'zosi bo‘lish holatlari mansabdor shaxsning tekshiruvda qatnashishi rad etilishiga asos bo‘lishi aytilgan.

Ta'kidlanishicha, shu paytgacha tadbirkorlik faoliyatini nazorat qiluvchi organlarning ro‘yxati birorta normativ hujjatda belgilab berilmagan. Shu sabab tadbirkorlik sub'yektlari ular faoliyatini qaysi organlar va qanday holatda tekshirishi kerakligi haqida to‘liq ma'lumotga ega emas edi.

Mutaxassisning ma'lum qilishicha, yangi qonunda nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat funksiyalari ro‘yxati shakllantiriladi va ro‘yxatda yo‘q tashkilotlar tomonidan tekshirish o‘tkazilishi taqiqlanadi. Tadbirkorlik sub'yekti o‘tkazilayotgan tekshiruvning qonuniy ekanligi haqida ma'lumot olishi, tekshiruvni monitoring qilish uchun Savdo-sanoat palatasi vakillarini taklif etishi, tekshirish jarayonini foto, audio, video vositalari yordamida qayd qilish huquqlari belgilab qo‘yiladi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid