Jahon | 22:00 / 11.10.2025
14374
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Tojikistonni Putinni hibsga olish bo‘yicha XJS buyrug‘ini bajarmaganlikda aybladi

XJS 2023 yil mart oyida Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan edi.

Foto: kremlin.ru

Yevropa Ittifoqi Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun berilgan order bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda aybladi.

Tegishli bayonot Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) tomonidan tarqatildi, deb yozdi Deutsche Welle.

Tojikiston, eslatdi EEAS, XJS Rim statutiga a’zo davlat hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqi, deyiladi bayonotda, «Ukrainada XJS prokurori tomonidan olib borilayotgan tergovlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va barcha davlatlarni hamkorlikka chaqiradi».

Putin 9-10 oktyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanba shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etdi.

XJS 2023 yil mart oyida Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ayblab, Vladimir Putin va Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan. Rossiya Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi.

Putin 2024 yil sentabr oyida XJS Rim statutini ratifikatsiya qilgan Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgan edi. Mo‘g‘uliston ham Rossiya prezidentini XJS orderi bo‘yicha hibsga olmadi.

Mavzuga oid